Chorvoqda cho‘kkan ikkinchi yigitning ham jasadi topildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 24 iyul kuni Chorvoq suv omboriga cho‘kkan yigitlardan yana biri 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomovning jasadi bugun, 2 avgust kuni topilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan xabar qilindi. 

Qayd etilishicha, 23 yashar Anvar Ilhomovning jasadi o‘zi cho‘kkan joydan 45-50 metr chuqurlikdan topilgan. Uni qidirish ishlari O‘zbekiston FVV g‘avvoslari va rossiyalik g‘avvoslar tomonidan olib borilgan. Bugunning o‘zida Ilhomovning jasadi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, oila a’zolariga topshirilgan.

Ma’lumot uchun, oila a’zolari bilan birgalikda, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Nanay MFY, Nanay ko‘chasi, 86-uyga (dalahovliga) dam olish maqsadida kelib, dala hovlining orqa pastki tomonida joylashgan Chorvoq suv omboriga cho‘milish maqsadida tushgan uch yigitdan ikkisi suvga cho‘kib ketgan edi.

1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev va 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov va uning akasi Ahror Ilhomov qayiqqa o‘tirib, Chorvoq suv omborining narigi qirg‘og‘i tarafga o‘tishgan. U yerdan qaytayotganlarida suvda harakatlanayotgan katerlar sabab kuchli to‘lqin yuzaga kelgan. To‘lqin Ahror Ilhomov, Dilshod Rixsiboyev va Anvar Ilhomov o‘tirgan qayiqni ag‘darib yuborgan. Natijada Ahror Ilhomov suv ustiga chiqib olgan va suzib qirg‘oqqacha kelgan. Uni suvdan qirg‘oqqa oila a’zolari tortib olgan. 24 yashar Dilshod Rixsiboyev va 23 yashar Anvar Ilhomov qayiq ag‘darilgan mahal suvga g‘arq bo‘lgancha, qaytib chiqishmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyul kuni Dilshod Rixsiboyevning jasadi topilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Chorvoqda cho'kkan jasadi topildi

Baholaganlar

1068

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing