Chortoq tumaniga hokim tayinlandi
Jamiyat
−
30 dekabr 2023
8486Namangan viloyati hokimining kecha, 29 dekabrda qabul qilingan qarori bilan Sattorov Ilhomjon Rahimjonovich Chortoq tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Ilhomjon Sattorov 1985 yilda Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yilda Namangan muhandislik pedagogika instituti, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
2008-2014 yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasida turli lavozimlarda – 2014-2016 yillarda Chortoq tumani moliya bo‘limi mudiri, 2016-2017 yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasi daromadlarni prognozlashtirish va tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
2017-2023 yillarda Ilhomjon Sattorov Uychi tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Namangan viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Namangan viloyati hududiy innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar u Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi bilim va innovatsiyalar markazi direktori o‘rinbosari – respublika tijoratlashtirish va maslahat xizmatlari majmuasi rahbari vazifasida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, 28 dekabrda Shuhrat Do‘sbekov Bekobod tumaniga, 29 dekabrda esa Elyorbek Karimov Izboskan tumaniga hokim etib tayinlangandi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr