“Chorsu” olib qo‘yilgach, Ahmet Demir yana O‘zbekistonni tark etdi

Jamiyat

image

Turkiyalik taniqli tadbirkor Ahmet Demir O‘zbekistonni tark etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

Ahmet Demir O‘zbekiston mustaqillikka erishganidayoq, 1992 yil mamlakatga kelib, investitsiya kiritgan xorijliklardan sanaladi. U o‘sha yili “Demir Holding” kompaniyasiga asos soldi va bu O‘zbekistondagi birinchi turk kompaniyalaridan edi. 

O‘zbekistonda va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarda 2011 yildan 2016 yilgacha kechgan turg‘unlik davrida Ahmet Demir O‘zbekistondan chiqib ketgan edi. U o‘sha vaqtlarda o‘ziga tegishli mulklar nohaq olib qo‘yilganini haligacha iddao qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat iliqlashdi. Turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonga taklif etildi. Jumladan, Ahmet Demir ham yana Toshkentga kelib ish boshladi. 

Shundan keyin poytaxtning qoq markazida joylashgan “Chorsu” mehmonxonasi 2018 yilning 9 mart kuni Ahmet Demir rahbarligidagi “Inter Tourism” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 – 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33,0 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rinini yaratish sharti bilan sotilgan edi.

Biroq, tadbirokorning bundan ko‘ngli to‘lgani yo‘q. U quyidagicha intervyu bergandi:

“Ayrim muammolar bor. Eng katta muammoimiz esa – qog‘ozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib o‘tganimdek, bizga qo‘shimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi. Shundan so‘ng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etgandik. Natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va’da qilinib, bu haqda davlat rahbarining qarori ham chiqdi. Ammo o‘sha qaror hanuz bajarilganicha yo‘q. Buning oqibatida ishimiz sustlashgan, eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini ko‘tarib borib, kredit so‘rasam, “Biznes-rejangizda ko‘rsatilgan mana bu hududning hujjati qani?” deyishadi. “Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan”, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, “Keyin qilib beriladi”, degani ba’zan “Hech qachon qilib berilmaydi”, deganini anglatadi”.

2018 yilning 9 martida imzolangan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yilning 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinib, “Chorsu” mehmonxonasi Ahmet Demirdan olib qo‘yildi

Bu vaqt oralig‘ida Ahmet Demir Toshkentning eng gavjum nuqtasida “Divan by Demir” restoranini ochdi. QALAMPIR.UZ`ga ma’lum bo‘lishicha, ushbu restoranda taniqli tadbirkor Ahmet Demir nomidan foydalanilgan. Restoran aslida afg‘on millatiga mansub tadbirkorga tegishli.

Ayni vaqtda Ahmet Demirning Toshkentga qaytib, yana faoliyat olib borishi bilan bog‘liq aniq ma’lum yo‘q. QALAMPIR.UZ Ahmet Demir bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ahmet Demir

Baholaganlar

202

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing