Chodirqiyotdagi chodirlar. Qalbida nafrat ungan xalqni Zulfiyani she’ri ham tarbiyalolmaydi

Jamiyat

image

Bolalagimda kattalarning falonchi vatanlik bo‘libdi, shunga hovli to‘yidan kelyapman degan gaplarini bir necha bor eshitganman. O‘shanda nega endi vatanlik deyapti, axir Vatan hamma uchun bittaku, shuni uyli bo‘pti desa bo‘ladiku, degan o‘y-fikrlar murg‘ak ongimdan o‘tganmi-yo‘qmi bunisini eslolmayman.

Bugun shuni aniq aytaolamanki, Vatan bu — mening uyim.

To‘g‘ri, Vatan keng ma’nodagi tushuncha bo‘lib, o‘zimiz umrguzaronlik yurtga nisbatan qo‘llaniladi. Biroq yurtning ichidagi kichik Vatan bu bizning uyimiz.

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda faqat bitta mavzu keng muhokama qilinyapti. Bu “snos” mavzusi. Har safar snos haqida o‘qiganimda esa...

Birinchi manzara. 2011 yilning ayni bahorida qarindoshim Samarqandda odamlarning uylari buzilayotgani, ularning aksariyati bu ko‘rguliklarga dosh berolmay o‘z joniga qasd qilgani haqida kuyinib gapirdi.

Eh, afsus, odamlarning joniyu millionlab mablag‘i, mehnati uvol bo‘pti-da deyishdan nariga o‘tolmadik. Bugun ham jarayon mamlakatning turli shaharu qishloqlarida davom etyapti. Eng qizig‘i “snos”dan keyin qayta tiklangan hamma joyni ham oldingidan ancha yaxshi bo‘ldi deyolmaymiz. Soya-salqin berib turgan daraxtlar kesilib, ularning o‘rniga issiqqa nisbatan chidamsiz va “injiq” archalar ekildi, aksariyat joylarda esa tuppa tuzuk xiyobonlar biyobonga aylandi. Xalqning mehnati bilan ekilgan manzarali daraxtlarning taqdiri osonlikcha hal qilindi. Kimningdir mebel fabrikasi yoki o‘tinfurushlarga yaxshi narxda pullandi.

Endi gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish orqali pul ishlash aniqrog‘i yuvish ayrim amaldorlar uchun “biznes”ga aylandi. Mana masalan kimningdir katta mablag‘i evaziga qurilgan imorati yoki korxonasi uchun arzimagan kompensatsiya puli berilib, yaydoq daladan yer berish, buzilgan imorat o‘rnidagi yerni qog‘ozda zahiraga olib, keyin bir-ikki oy ichida uni yaxshigina pullash, yerning oldingi egasining uyimning poydevoriga ham yetmaydi bergan pulingiz, deb haqini talab qilishiga esa ichki ishlar, prokuratura hamda yoki boshqa kuch ishlatar tuzilmalarni yuborib, ko‘nsang, ko‘nding, ko‘nmasang o‘zing bilasan, agar qarshilik ko‘rsatsang qamoqda chiritib yuboraman, mana shu pulga rozi bo‘lasan, deb po‘pisa qilishi ham vaqt sinovidan o‘tgan “tajriba” bo‘ldi.

Tajriba-ki, hokimman degan aksar kaslar uchun o‘zini oqladi. Axir kuch ishlatar tuzilmalar bilan hokim degani qarshilik qilib turar ekan, Atrofingda hokimdan-da qudratli odamni ko‘rmas ekansan kishi. Dodingni esa kimga aytishni bilmaysan.

Paxta tozalash zavodidan boshqa biron-bir yirik korxonasi yo‘q Navoiyning Xatirchi tumanidagi markaziy ko‘cha 2011 yilgi “snos”dan keyingi o‘tgan 8 yildan beri hanuzgacha to‘liq tiklangani yo‘q. Chunki, buzilishgacha bo‘lgan davrda bu yerda odamlar uy-joylarini yaxshilashga qiziqib, bir-biridan ko‘rkam imoratlar qurib yashab kelayotgan edi. Afsuski, “snos” deganlari nafaqat bir mahalla ahlining shu bilan birga butun boshli tuman markazida yashayotgan aholining uy-joyini yaxshilashga bo‘lgan orzu-havasini, harakatini chilparchin qildi. Hozir ham ularni bitta hadik ta’qib qiladi: Uyim buzilmasmikan?

Ikkinchi manzara. Keyingi kunlarda Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida hokim o‘rinbosarining ustidan benzin quyib yoqib yuborgan tadbirkor to‘g‘risida ko‘p va xo‘p eshitdik. Muhokama qildik. Birimiz amaldorni, boshqa birovimiz tadbirkorning yonini oldik. To‘g‘rida, fikr hammada har xil. O‘ylab qolaman...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z lavozimiga kirishgan davrdan boshlab, xalqni, odamlarni rozi qilish haqida kuyunchaklik bilan gapiradi. U adolat, adolat, adolat deydi. Bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman degani ham ayni haqiqat. Biroq tadbirkorga nisbatan Prezidentning joylardagi vakillari har doim adolat bilan ish yurityaptimi?

Men hokim o‘rinbosariga benzin sepib, o‘t quygan tadbirkorni tushunaman. U bankdan kredit olib qurgan binosida harna 2-3 kishi ishlarkan. Kreditniyam osonlikcha olmagandir, bu gapni bejiz aytayotganim yo‘q. Buyog‘i boshqa mavzu.

Xo‘sh, amaldorchi, ekskavator kabinasiga o‘tira solib, ichida odamlar ishlayotgan binoni buzishga kirishdi. Axir unga bu huquqni kim bergan? Agar hokimning o‘rinbosari deganlari ishini davom ettirganda bino ichidagi odamlarning tirik chiqishiga kafolat bormi-di? Bu kabi savollar ochiq qolmasligi shart.

Uchinchi manzara. Shu yilning may-iyun oylarida Xorazmning ma’muriy markazi Urganchning Ashxobod mahallasidagi yerlar davlat ehtiyoji uchun qaytarilishi munosabati bilan bu yerdagi uylarni buzish va odamlarni ko‘chirish ishlari boshlandi. 400ga yaqin xonadonda yashovchi aholining uy-joylari buzilgach, ularga Urganch tumanidagi Chondirqiyot qishlog‘idan yer ajratib berilgan va to‘liq ko‘chirildi. Biroq, ko‘chirib yuborilgan xonadon egalarining hammasi ham kompensatsiya puli qisman bo‘lsa-da berilmasligi oqibatida aholi va shahar hokimligi o‘rtasida katta mojaro kelib chiqqan. Hozirda ko‘chirilganlarning aksariyati Chondirqiyotdagi chodirlarda kun kechiryapti.

Aholining norozilik ortidan o‘tkazgan bu namoyishi haqida nafaqat mahalliy ommaviy axborot vositalari shu bilan birga xorijiy OAVlar ham bong urdi. Umuman “snos”lar haqida xabarlar tarqatishni xorij saytlari boshlaganiga ancha bo‘ldi. Bugun xorijda yirik sarmoyadorlarni jalb etish orqali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, bu orqali odamlarni ishli qilishni maqsad qilgan va dunyo hamjamiyatida o‘zining yangi imidjini yaratayotgan O‘zbekiston uchun bu sharmandali vaziyat emasmi?

Yaqingacha paxta dalalaridagi majburiy mehnat sabab, butun dunyoga yomonotliq bo‘lgan, xorijlik investorlar kelishga hayiqqan mamlakatda keyingi yillarda islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda. Biroq “snos” kabi bir qator qusurlar borki, ezgulik va adolat yo‘lida qilingan barcha ishlarni chippakka chiqarayotgani ayni haqiqat.

Shu o‘rinda kichik bir mulohaza: aytishlaricha, Afrikadagi ayrim davlatlarda havo harorati yil davomida 37-40 daraja issiq bo‘larkan. Biroq qora qit’aning namchil issiq harorati va Markaziy Osiyoning qumliklari bag‘rida yastanib yotgan O‘zbekistonning quruq yozgi issig‘i necha daraja bo‘lishini va bunday iqlim sharoitida dalada yashashning azobligini bilish qiyin emas. Bugungi xabarga qaraganda (27 iyul kuni tonggi soat 8:00 da) Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermonov Chondirqiyotga yetib kelgan va shu yerning o‘zida ishchi guruhi tuzib, aholi vakillari bilan muzokara o‘tkazib, muammolarning yechimini topishga va’da beribdi. Viloyat rahbarining va’dasi to‘lig‘icha bajariladimi yoki yo‘q, buyog‘ini vaqt degan oliy hakam ko‘rsatadi.

Qonunlar ishlashi kerak. Bir haftacha avval deputat Klara Jumamuratova “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasiga alohida moddalar kiritilayotgani, “snos”lar qaysi payt va holatlarda, qanday mezonlarga ko‘ra amalga oshirilishi aniq va qat’iy belgilab qo‘yilishi, bunda — eng avvalo fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish”, degan edi.

Shuningdek, deputat opamiz yangi qonun qabul qilingach, Uy-joy kodeksi va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga “snos” masalasini tartibga soluvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qilgandi. Kim bilsin, yangi qonun kuchga kirsa, 3-4 martalab buzilib qurilayotgan, bozorlar, hiyobonlar yoinki, obod qilish bahonasida millionlab mablag‘ yuvilishi barham topar?

Bosh qomusimizning 36-moddasining boshida Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli, degan jumla bor. Bu umum e’tirof etgan qoidalardan biri hamdir. Qolaversa, jamiyatimizda mulkdorlar sinfini shakllantirishga ancha yillardan beri katta e’tibor qaratib kelyapmiz. Chunonchi, keyingi 3 yilda jarayon anchayin tezlashdi. Biroq, xususiy mulkka har neni bahona qilib dahl qilish, yoki har bir hokim alishganda takroriy buzilib qurilishlar to‘xtab, bundan jabr ko‘rayotganlar soni kamayotgani yo‘q.

Odamlarni rozi qilmasdan olib borilayotgan buzilishlar qachondir barham topar, biroq, o‘z uyini vatani deb biladigan millatning qalbidagi iztiroblar bora-bora hokimiyatga, mamlakatga bo‘lgan ishonchsizlikning paydo bo‘lishiga, keyinchalik bu dard gazak olib nafratga aylansa, uni qanday to‘xtatish mumkin?

Shunisi aniqki, bu nafratga to‘lgan xalqni Zulfiyaning she’ri yoki Juma ma’ruzasi yohud kitob o‘qitib ham tarbiya qilolmaymiz

Bitta narsani aniq bilamizki, davlat ajratayotgan mablag‘ni asossiz “snos”larga emas, maqsadli qurilishlarga masalan ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishga sarflasak, odamlarimizni ishli qilsak maqsadga erishgan bo‘lamiz.

Shunda internetda qaysidir mamlakatda O‘zbekistonning faloncha fuqarosi halok bo‘ldi, degan mazmundagi xabarlar ham barham toparmidi?


Maqola muallifi

Teglar

snos

Baholaganlar

163

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing