Chiroqchidagi tug‘uruqxonadan ayolning o‘ligi chiqdi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘uruqxonaga olib kelingan 26 yoshli homilador ayol farzandini dunyoga keltirganidan bir necha kun o‘tib, vafot etdi. Holat joriy yilning 16 oktyabr kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va ular ortidan chiqqan e’tirozlar sabab, bir yarim oy o‘tib, rasmiy axborot berdi. 

SSBning ma’lum qilishicha, Chiroqchi tuman G‘allachi mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan A.G. shu yilning 10 oktyabr kuni soat 06:00 da qarindoshlari tomonidan Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga olib kelingan. 

“Qayd etilishicha, ayolda oxirgi ko‘rik 2023 yil 13 sentyabrda, homiladorlikning 33-haftasida o‘tkazilgan. Bunda ayolga yotib davolanish tavsiya qilingan, lekin ayol davolanishga bormagan. 

Bo‘limga kelganida ayolning umumiy ahvoli qoniqarli baholangan. 10 oktyabr kuni soat 16:10 da vazni 3400 og‘irlikdagi o‘g‘il chaqaloqni dunyoga keltirgan. 2023 yil 12 oktyabr kuni ertalab soat 5-6 lar oralig‘ida ayolning ahvoli og‘irlashib, qornida kuchli og‘riq paydo bo‘lgan. Og‘riqlar kuchaygach, birlashma xirurg vrachlari jalb qilingan, shundan so‘ng viloyatdan jarroh, akusher-ginekolog va nefrolog chaqirilgan. So‘ng bemorda operatsiya o‘tkazilgan”, deyiladi axborotda.

Biroq SSB ayol farzandini qay – tabiiy yoki kesarcha kesish yo‘li bilan dunyoga keltirganiga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, ayol qaysi tashhisga ko‘ra operatsiya qilingani ham aniq emas.  

“Operatsiyadan keyin ayolga tegishli muolajalar qilingan. Ammo ayolning umumiy ahvoli og‘irlashgan, qilingan barcha muolajalarga qaramay, u 2023 yil 16 oktyabr kuni soat 02:30 da vafot etgan”, deyiladi SSB bayonotida.

Bildirilishicha, mazkur ona o‘limi holati viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilingan va bu borada tegishli choralar belgilangan.

Ayni paytda holat Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani aytildi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim qilib, O‘zbekistonda onalar o‘limi o‘sib borayotgani, shu yilning uch choragida qayd etilgan holatlar o‘tgan yilning mos davridagidan ancha ko‘pligini aytgan edi. Uning bildirishicha, onalar o‘limi 2023 yilning yanvar – sentyabr oylarida O‘zbekistonda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 1 foizga oshgan. 

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida qatnashgan Sog‘liqni saqlash vazirining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova esa deputatlarga so‘z berib, 2030 yilga kelib mamlakatda onalar va go‘daklar o‘limini 2 baravarga kamaytirishni va’da qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing