Chirchiqda Lasetti daraxtga borib urildi. Haydovchi halok bo‘ldi
3-sahifa
−
24 iyul 3400 1 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Lasetti rusumli avtomobilning yo‘l chetidagi daraxtga borib urilishi oqibatida haydovchi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat taxminan 06:30 larda Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududidan o‘tuvchi D006 Toshkent–Chirchiq–Chimyon avtomobil yo‘lining 27-kilometrida 1995 yilda tug‘ilgan haydovchi A.D. Lasetti rusumli transport vositasini boshqarib ketayotgan vaqtida rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda yo‘l chetidagi daraxtga urilib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Bildirilishicha, haydovchi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchilar shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatidagi “Muruntov” konida “BelAZ” rusumli avtoag‘dargich va Toyota rusumli xizmat avtomashinasi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar ishchi-xodim halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi