Chinozdagi ayanchli YTHda 4 kishi halok bo‘ldi
3-sahifa
−
13 Sentabr 2020
11813Bugun, 13 sentyabr kuni Toshkent viloyatida Nexia-3 va Lacetti ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda YHXBB xabar berdi.
YTH soat 00:10 larda, Chinoz tumani, “Ko‘tarma” MFY hududidan o‘tgan M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 858-kilometrida sodir bo‘lgan. Haydovchi, 1986 yilda tug‘ilgan T.S. Nexia-3 rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqdan yo‘lni qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan. So‘ng qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, F.N. boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Natijada, Nexia-3 rusumli avtomobil haydovchisi 34 yoshli T.S., Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi 39 yoshli F.N. hamda ushbu avtomobil yo‘lovchilari 40 yoshli E.X. va 25-30 yoshlardagi ayol (shaxsiga aniqlik kiritilmoqda) og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, Lacetti rusumli avtomobil yo‘lovchilari 29 yoshli K.B. va 44 yoshli Yu.H. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Chinoz tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.