“Chinovnik”larning biznes bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi — Prezident qarori loyihasi
Jamiyat
−
23 iyun 2021
9850Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik.
Qaror qabul qilinsa, Adliya vazirligi Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar:
• tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflarni;
• korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish uchun mas’ul etib belgilanadi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi, ularni lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishiladi.
Agentlik Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlaydi.
2021 yil 1 avgystdan boshlab, davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlov)larning natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Moliya vazirligi Agentlik, Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda aks ettirilishi lozim bo‘lgan korrupsiyaga qarshi shartlarni ishlab chiqadi va tender (tanlov) shaklida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida hamkorlarni tekshirish tartibini belgilaydi.
Agentlik 2021 yil 1 dekabrdan boshlab har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilish amaliyotini joriy etadi.
LiveBarchasi