Chilonzorda yigitlar sport zalidan ushlab ketildi. IIBB buning sababini ochiqladi
3-sahifa
−
30 Sentabr 2022
26277Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanida bir nechta fuqarolarni sport zallardan olib chiqib ketishgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bunga ularning soqoli o‘sgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limi ish yurituvida fuqaro A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (“Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”) alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Mazkur fuqaro xalqaro terroristik tashkilotlarga qo‘shilish maqsadida O‘zbekiston hududidan chiqib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
“Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchining jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida bir nechta fuqarolar tergov idoralariga chaqirtirilgan, biroq ayrim fuqarolar uzrli sabablarsiz tergov organlariga kelishdan bosh tortganligi sababli, ular hududiy tuman IIO FMBga majburiy tartibda olib kelingan”, deyiladi xabarda.
IIBBga ko‘ra, ayrim fuqarolar Chilonzor tumanidagi sport zallarda bo‘lishgan va tuman IIO FMBga olib borilgan. Keltirilgan har bir fuqaro bilan suhbat o‘tkazilib, jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan fuqarolar qo‘yib yuborilgan.
3 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.