Chili tarixidagi eng yosh Prezident saylandi
Olam
−
20 dekabr 2021
10954Chilidagi saylovlarda so‘l qanot vakili Gabriyel Borich g‘alaba qozondi. 35 yoshli sobiq talaba o‘ng qanot vakili bo‘lgan raqibi Xose Antonio Kastdan 8 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan.
Rasmiy natijalarga ko‘ra, Borichga umumiy saylovchilarning 56 foizi, Kastga esa 44 foizi ovoz bergan. Saylov uchastkalari yopilganidan bir yarim soat o‘tgach, o‘nglar vakili mag‘lubiyatini tan olgan.
Borich saylovoldi kompaniyasida o‘z tarafdorlariga demokratiyani ta’minlash va Chili neoliberal iqtisodiy modelini cheklashni va’da qilgan.
Endi u, so‘nggi yillarda tengsizlik va korrupsiyaga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari ortidan holdan toygan mamlakatni boshqaradi.
"Bizning oldimizda juda katta vazifa turibdi. Bilaman, kelgusi yillarda mamlakatimiz kelajagi xavf ostida, shuning uchun men demokratiya uchun qayg‘uradigan va uni xavf ostiga qo‘ymaydigan, gapirishdan ko‘ra ko‘proq tinglaydigan, birlikka intiladigan Prezident bo‘lishimga kafolat beraman", deya ta’kidlagan u o‘z tarafdorlariga.
Bir paytlar Lotin Amerikasidagi eng barqaror iqtisodga ega bo‘lgan Chili, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyodagi eng katta daromad nomutanosibligiga ega davlat bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarda keltirilishicha, aholining 1 foizi mamlakat boyligining 25 foiziga egalik qiladi.
Yangi saylangan Prezident, bu tengsizlikni ijtimoiy huquqlarni kengaytirish, mamlakatda pensiya va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, shuningdek, ish haftasini 45 soatdan 40 soatgacha qisqartirish va "yashil investitsiya"larni ko‘paytirish orqali bartaraf etishga va’da bergan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi