Chiqindilarni qayta ishlovchi klasterlar tashkil etiladi
Jamiyat
−
10 avgust 2020
5412O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish bo‘yicha 14 ta hududdagi tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi hamda ularning ijrosi yuzasidan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, nodavlat sektor chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda yaxshi samara bermoqda. Qayerda shunday korxonalar ishlayotgan bo‘lsa, xizmat sifati ham yuqori, aholi ham rozi. Misol uchun, “Bio Texno Eko” kompaniyasi 6 million dollardan ziyod kredit hisobiga 78 ta maxsus texnika va uskunalar xarid qilib, Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridagi 285 ming aholiga tozalash xizmati ko‘rsatmoqda.
Joylarda shunday loyiha qilaman, degan tadbirkorlar ko‘p. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda davlat-xususiy sheriklik asosida jami 31 ta klaster tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Ushbu loyihalar hisobiga maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini yil yakunigacha 25 foizgacha, 2021 yilda kamida 35 foizga yetkazish zarurligi belgilandi.
Sanitar-ekologik talabga javob bermaydigan 51 ta chiqindi poligonini maqbullashtirish, bundan tashqari, qurilish chiqindilari uchun 26 ta poligon hamda ularni qayta ishlovchi klasterlar tashkil etish muhimligi aytildi.
Yig‘ilishda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan mablag‘lar natijadorligi ham muhokama qilindi.
Mutasaddilarga bu mablag‘lar evaziga boshlangan loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari sohani kamxarj va tejamkor texnikalar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
LiveBarchasi