Chempion shaxmatchilarga $200 ming, uy va Volkswagen beriladi (video)
Sport
−
18:24 955 2 daqiqa
Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilarga 200 ming dollar, uy va Volkswagen avtomobili beriladi. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuvda e’lon qildi.
Uchrashuvda Prezident shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror qabul qilganini ma’lum qilgan. Unga muvofiq, chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.
“Albatta, mashina ham kerakdir-ku, lekin kelajak kelinlar uchun uy kerak”, deya samimiy hazil qilgan Prezident.
Parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobil beriladi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhammadov avtomobil bilan mukofotlanadi.
Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.
“Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi”, deydi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini faxriy unvon va ordenlar bilan mukofotlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi