Chempion Elbek Rahimovni o‘ldirgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, 2021 yilning 17 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ushu-sanda bo‘yicha jahon chempioni, MMA jangchisi Elbek Rahimov o‘ldirib ketilgandi. 

Bugun, 5 may kuni mazkur qotillik yuzasidan Qashqadaryo viloyat sudida 26 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, sudlanuvchilarning barchasi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, ularning 3 nafari voyaga yetmagan shaxs hamda 3 nafari ichki ishlar organlarining sobiq xodimlaridir. Ular Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230-1, 241-1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga 3 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10 800 000 so‘m miqdorida moddiy zarar va 150 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.

Xabarga ko‘ra, mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.

Ma’lumot uchun, sport ustasi Elbek Rahimov 2021 yilining 17 avgust kuni soat 10:00 atrofida ko‘p qavatli uydagi xonadoni oldida bir guruh shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan.  Usha kuni yetti nafar shaxs Elbek Rahimovni ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turib, chiqqanidan keyin uni bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. So‘ng Gentra avtomashinasiga majburan mindirib, jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borib, tashlab ketgan.

Oqibatda Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1272

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing