“Chelsi” kutilmaganda “PSJ”ni “yer tishlatib”, KJCH g‘olibi bo‘ldi (video)

Sport

image

Bugun, Toshkent vaqti bilan 14 iyulga o‘tar kechasi Londonning “Chelsi” jamoasi Parijning “Pari-Sen-Jermen”ini (“PSJ”) mag‘lub etib, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibiga aylandi. “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tgan final uchrashuvi 3:0 hisobida yakunlandi.

Gollarni “Chelsi” yarim himoyachisi Koul Palmer (22- va 30-daqiqalar) hamda hujumchi Joao Pedro (43-daqiqa) kiritdi. 84-daqiqada “PSJ” tarkibida Joau Nevesh Kukurelyaning sochidan tortgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi.

Palmer FIFA klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finalida dubl qayd etgan ilk ingliz futbolchiga aylandi. “Chelsi” tarixda esa ikkinchi bor ushbu turnirda chempion bo‘ldi. Klub bu musobaqani ilk marta 2022 yilda yutgan edi.

Qayd etish joiz, finalga Yevropa chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi sifatida kelgan va bungacha KJCH doirasida bir qancha TOP jamoalar, xususan, “Real Madrid” (4:0) va “Bavariya” (2:0) ustidan ancha ishonchli tarzda g‘alaba qozongan Parij jamoasining mag‘lubiyati ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. O‘yindan so‘ng “PSJ” va “Chelsi” a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik sodir bo‘ldi. Musobaqaning yakuniy taqdirlash marosimida AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, yangilangan formatdagi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ilk bor oltita konfederatsiyadan 32 ta klub (ilgari 7 ta bo‘lardi) ishtirok etdi. O‘yinlar AQSHning 11 shahridagi 12 stadionda bo‘lib o‘tdi. Guruh bosqichi to‘rtta jamoadan iborat sakkiz guruhdan tashkil topdi, har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rin egasi pley-off bosqichiga chiqdi.

Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 1 milliard dollar bo‘lib, bu futbol tarixidagi klublar o‘rtasidagi turnirlar orasida rekord hisoblanadi. Chempion jamoa 125 million dollargacha mukofot oladi, bundan tashqari hamkorlik to‘lovlari ham mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Chelsi klublar o'rtasidagi Jahon chempionati Pari-Sen-Jermen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing