“Chelsi” Chempionlar ligasida o‘ziga xos natija qayt etdi
Sport
−
23 Oktabr 2025 1497 2 daqiqa
Londonning “Chelsi” klubi Chempionlar ligasi tarixida bir o‘yinda uch nafar o‘smir futbolchi gol urgan ilk jamoaga aylandi. Londonliklar bu natijani “Ayaks” ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozongan uchrashuvda qayd etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
G‘alabada klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari 19 yoshli Mark Giu, 18 yoshli Estevan Villian va 19 yoshli Tayrik Jorj o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, Moyses Kaysedo va Enso Fernandes ham raqib darvozasini ishg‘ol etdi.
Uchrashuvdagi “Chelsi” tarkibining o‘rtacha yoshi 22 ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich joriy mavsumdagi Chempionlar ligasining eng yosh tarkibi sanaladi. G‘alabadan so‘ng bosh murabbiy Enso Mareska natijani “klub akademiyasi va yosh futbolchilar uchun faxrli kecha” deb atadi. U yosh futbolchilarga ishonch bildirish “Chelsi” strategiyasining muhim qismi ekanini ta’kidladi.
“Bizda juda ko‘p iqtidorli yosh futbolchilar bor va ularga imkon berishimiz kerak. Ular o‘rganishni, o‘sishni xohlashadi. Bu “Chelsi”ning kelajagi uchun juda muhim”, deydi Mareska.
Mutaxassis, shuningdek, braziliyalik 18 yoshli Estevanning o‘yinini alohida e’tirof etdi.
“Estevan kamtar, o‘rganishni xohlovchi futbolchi. U menga Koul Palmerni eslatadi. Men uni “Manchester Siti”da boshqarganman. Estevan ham xuddi shunday yo‘ldan borishi mumkin”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Londonning “Chelsi” jamoasi Chempionlar ligasining 3-turidan so‘ng 2 g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat bilan turnir jadvalida 11-o‘rinda bormoqda.