Chekka hududlarda ishlashga borgan tibbiyot xodimlariga 30 mln so‘m beriladi

Jamiyat

image

2021 yildan boshlab respublikaning olis va chekka hududlariga ishga borgan shifokorlarga bir martalik 30 mln so‘m va ijara to‘lovi uchun haq to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidntining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Farmonga muvofiq, 2021 yildan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi va “Qishloq shifokori” dasturi doirasida:

•    tibbiyot oliy ta’lim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari Davlat byudjetidan kompensatsiya qilinadi;

•    olis va chekka hududlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan olis va chekka hududlardagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib bo‘sh shifokor ish o‘rinlari ro‘yxati tuziladi va muntazam yangilanib turiladi;

•    mazkur bandda ko‘rsatilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun shifokorlar bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari o‘rtasida shartnoma tuzib boriladi.

“Qishloq shifokori” dasturini moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni va talabgorlarni har bir mahalla kesimida aniqlab chiqadilar va ularga uy-joy ajratish va mablag‘ berishni ta’minlaydilar.

Tuman hokimlari va tijorat banklari bilan birga ipoteka dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarni, birinchi navbatda, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilinayotgan shifokorlar uchun ajratishni ta’minlaydi.

Shu bilan birga Moliya vazirligi SSV bilan birgalikda mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun kelgusi yilda Davlat byudjetidan 20 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratadi.


Maqola muallifi

Teglar

tibbiyot

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing