Chexiya Rossiya neftidan butunlay voz kechdi

Olam

image

Chexiya 60 yil davom etgan tarixdan so‘ng Rossiyadan neft importini to‘liq to‘xtatdi va endilikda faqat g‘arbiy yo‘nalishlar orqali yetkazib berilayotgan, Rossiyaga aloqasi bo‘lmagan neftni xarid qilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“Rossiyaga qaramligimiz yakunlandi. Tarixda ilk bor Chexiya Respublikasi to‘liq Rossiyaga bog‘liq bo‘lmagan neft bilan ta’minlanmoqda”, dedi Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala “Reuters”ga bergan izohida.

Ukrainadagi urush boshlanguniga qadar Rossiyadan keluvchi “Drujba” (Do‘stlik) quvur tizimi mamlakatga yillik neft importining deyarli yarmini amalga oshirgan. Biroq Rossiya tajovuzi boshlanganidan so‘ng Chexiya bu qaramlikni qisqartirishga harakat qildi. 2024 yilning oxirida mamlakatning MERO kompaniyasi Germaniyadan o‘tuvchi Transalpiy quvurni (TAL) modernizatsiya qilishni yakunladi. Bu quvur orqali Italiyaning Triyest portiga boradigan tankerlardan neft olib kiriladi.

Natijada Chexiya uchun neft ta’minoti yiliga 8 million tonnagacha oshirildi. Bu mamlakat ehtiyojini to‘liq qoplash uchun yetarli.

Ma’lumot uchun, 2013-2023 yillarda Chexiya “Drujba” orqali har yili deyarli 3,5-4,3 million tonna neft import qilgan (pandemiya boshlangan 2020 yilda bu ko‘rsatkich 3 millionga tushgan edi). 2023 yilda esa Rossiyadan olib kirilgan neft hajmi 2 million 715 ming tonnani tashkil etdi – bu hatto pandemiya davridagidan ham kam. Bu esa umumiy 6,5 million tonnalik importning 42 foizini tashkil qilgan. Qolgan neft TAL orqali yetkazilgan.

Shuningdek, barqaror ta’minotni ta’minlash maqsadida Chexiyaning Orlen Unipetrol kompaniyasi dengiz yo‘li orqali qo‘shimcha neft yetkazib berish bo‘yicha Norvegiya bilan shartnomalar imzolaganini e’lon qildi. Bu neft ham TAL quvuri orqali yetkaziladi.

“Drujba” – dunyodagi eng yirik magistral neft quvurlaridan biri bo‘lib, u 1960 yillarda Sovet Ittifoqining Volga-Ural neft-gaz mintaqasidan Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya va GDR kabi sotsialistik mamlakatlarga neft yetkazish uchun qurilgan edi.

Chexiya importni to‘xtatganidan so‘ng “Drujba” hozirda faqat Vengriya va Slovakiyaga xizmat qilmoqda. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya neft va gaziga to‘liq embargo joriy etishni rejalashtirgan. Yevrokomissiya bunga erishish bo‘yicha choralarni ishlab chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin gazni Polsha orqali Yevropa davlatlariga yetkazib berishni taklif qilgandi. Putinga ko‘ra, Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishdan hech qachon bosh tortmagan va har doim iqtisodiy masalalarni siyosatsizlashtirish tarafdori bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Chexiya neft' Drujba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing