Chavusho‘g‘lu va Blinken Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi taranglikni muhokama qildi 

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu kecha, 3 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda TASSga Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manba ma’lum qilgan.  

“NATO va YeXHT uchrashuvlari arafasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik, strategik mexanizmni faollashtirish (Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish), Turkiya va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Sudan, Efiopiya va Kavkazdagi voqealarni muhokama qilgan”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, Blinken va Chavusho‘g‘lu “Ukrainada Rossiyaning tahdidi kuchayishi bilan bog‘liq holda kelgusida muvofiqlashtirish muhimligi haqida” gaplashgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi telefon muloqoti o‘tgan yilning 31 dekabriga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tdi. Suhbat 50 daqiqa davom etdi. 

Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga Kreml ikki davlat Prezidentlari o‘rtasidagi muloqotdan mamnunligini, umuman olganda, suhbat konstruktiv tarzda o‘tganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbatning asosiy mavzusi xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar bo‘lib, yetakchilar ularning borishini shaxsiy nazoratda ushlab turish va telefon aloqalarini davom ettirishga kelishib olgan. 

Joriy yilning 10 yanvar kuni Jenevada Rossiya Federatsiyasi va AQSH o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 12 yanvar kuni Rossiya Yevropadagi xavfsizlik muammolarini, shuningdek, Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha loyihalarini NATO-Rossiya kengashining Bryusseldagi yig‘ilishida va 13 yanvar kuni YeXHT Doimiy kengashining Venadagi yig‘ilishida muhokama qiladi. 

Ukraina atrofidagi vaziyat 

So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida da’volar ilgari surilmoqda. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, u bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina taranglik

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing