ChatGPT bilan o‘g‘lini o‘ldirishni muhokama qilgan ota ushlandi
Olam
−
16:11 2257 2 daqiqa
AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) Braziliya politsiyasini mahalliy aholi vakilining 14 yoshli o‘g‘lining hayotiga suiqasd qilish rejasi haqida ogohlantirdi. Erkak o‘z jinoiy rejalarini ChatGPT chat-boti bilan o‘rtoqlashgan. Bu haqda “G1” nashri xabar berdi.
Espiritu-Santu shtati politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eunapolis shahrida yashovchi 43 yoshli erkak bir necha oy davomida aliment to‘lashni xohlamagan va farzandini yo‘q qilish bo‘yicha o‘z rejasi tafsilotlarini sun’iy intellekt bilan muhokama qilgan. Chat-bot bilan yozishmalarda u rejalashtirgan harakatlarini batafsil tasvirlab bergan va ularni amalga oshirish bo‘yicha sun’iy intellektdan maslahatlar so‘ragan.
ChatGPT tizimi xavotirli xabarlarni qayd etgan va ma’lumotni FQBga uzatgan, u esa o‘z navbatida Braziliya rasmiylari bilan bog‘langan. Tergov amerikalik agentlar o‘smirning hayotiga ehtimoliy tahdid haqida xabar berganidan keyin boshlangan.
Braziliya politsiyasi erkak haqiqatan ham o‘ylagan niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lganini aniqlagan va gumonlanuvchining yashash joyida tintuv o‘tkazgan. U jinoiy niyatini amalga oshirishga ulgurmagani sababli hibsga olinmagan, ammo tergov davom etmoqda.
Politsiya bu Braziliyada sun’iy intellekt og‘ir jinoyatning oldini olishga yordam bergan birinchi shunday holat ekanini qayd etgan. Mamlakat rasmiylari vaziyatni kuzatishda davom etishlarini va hozirda xavfsizlikda bo‘lgan bolani himoya qilish choralarini ko‘rishlarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyada sun’iy intellekt sport zalidagi onlayn bron qilish tizimidagi zaiflikdan foydalanib, o‘z egasiga mashg‘ulot uchun joy olgani haqida xabar berilgan edi. Buning uchun SI navbatdagi boshqa mijozning bronini bekor qilgan.