Charlz III ning toj kiyish marosimida 52 kishi hibsga olindi
Olam
−
07 may 2023 9303 2 daqiqa
Londonda Charlz III ning toj kiyish marosimida politsiya 52 kishini hibsga oldi. Bu haqda Skotlend-Yard tomonidan e’lon qilingan xabarda aytiladi.
“Bezorilik, tartibbuzarlik, osoyishtalikni buzish kabi huquqbuzarliklar yuzasidan jami 52 nafar shaxs ushlandi. Barcha qo‘lga olinganlar hibsda qolmoqda”, deyiladi xabarda.
Qo‘lga olishning boshqa sabablari orasida jinsiy zo‘ravonlik, diniy haqoratlar, pichoqlarni noqonuniy saqlash ham bor.

Hibsga olinganlar orasida monarxiyaga qarshi “Respublika” guruhi a’zolari, jumladan uning rahbari Grexem Smit va “Neftni to‘xtating” jamoat bo‘ysunmaslik kampaniyasining 18 nafar faoli bor.
Britaniyalik huquq himoyachilari politsiya harakatlarini haddan tashqari shafqatsiz va demokratiya uchun xavfli pretsedent yaratish deb atagan.
“Bugun ertalab sodir bo‘lgan hibsga olishlar bo‘yicha jamoatchilikning xavotirini to‘liq tushunaman, norozilik bildirish qonuniy, ammo bu muammo tug‘dirishi mumkin. Biz toj kiyishdan oldin ham, marosim paytida ham vaziyatga aralashmasdan ko‘plab norozilik namoyishlarida tartibni saqladik”, deydi toj kiyish kuni Londonda tartibni saqlash bo‘yicha operatsiyani boshqargan politsiya katta boshlig‘i Karen Findley.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 may kuni Londonda Qirol Charlz III ning toj kiyish marosimi bo‘lib o‘tayotgan bir paytda Britaniyadagi monarxiyaga qarshi bo‘lgan “Respublika” harakati tarafdorlari va a’zolari miting o‘tkazgan edi. 1983 yilda tashkil etilgan “Respublika” guruhi Charlzning taxtga o‘tirishini Buyuk Britaniyada monarxiyani tugatish uchun eng yaxshi imkoniyat deb hisoblamoqda.
Live
Barchasi