Toshkentmi yo Changkent? Poytaxt havo ifloslanishi bo‘yicha nega 1-o‘rinda?
Jamiyat
−
13 Sentabr 2023
5171Yaqinda O‘zbekistonning turli viloyatlarida chang bo‘roni kuzatildi. Xususan, Toshkent shahrida havoning mayda qum-chang zarralari bilan ifloslanish darajasi me’yoridan 43 barabar oshib ketgan. Shamolning tezligi 13-17 metr, cho‘l hududlarida esa 20 metr/sekundgacha yetdi. Bu esa havoning xiralashishiga va ko‘rinuvchanlikning 1400 metrgacha yomonlashishiga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, qanday hodisalar bunday zararlanish holatiga sabab bo‘ladi va chang bo‘ronlari yaqin orada yana kuzatilishi mumkinmi? QALAMPIR.UZ shunday savollar bilan O‘zgidrometereologiya markazining mutaxassisi Erkin Abdulahatovga yuzlandi.
“Chang bilan bog‘liq hodisalar yuzaga kelishiga hududda ko‘p muddat yomg‘ir yog‘masligi va yashil fitomassaning kamayishi sabab bo‘ladi. Bu hodisa ana shu hududlarga nam havo oqimlari kirib kelishidan avval shamol bilan yuzaga keladi. Chunki namgarchilik yetarli bo‘lmagani uchun yomg‘ir yog‘olmaydi. Buning natijasida shamol chang-qum zarralarini yuqoriga ko‘taradi. Bahorda tuproqda namgarchilik yuqori bo‘lgani uchun chang ko‘tarilmaydi. Yoz oylarining boshlanishidan to qishgacha chang bo‘ronlarining kuzatilish ehtimoli yuqori bo‘ladi”, dedi "O‘zgidromet" yetakchi mutaxassisi.
Shuningdek, u Toshkentdagi havoning ifloslanishi va bu boradagi ro‘yhatda shahar 1-o‘ringacha ko‘tarilgani haqidagi savolga javob berar ekan, aynan poytaxtda vaziyatning yomonlashishiga daraxtlarning, yashillikning kamayayotganini sabab sifatida keltirdi. Ammo buning boshqa sabablari ham yo‘q emas.
“Ko‘rish masofasi eng qisqargan holat va eng kuchli chang bo‘ronlari Termizda kuzatildi. Keyin Buxoroda, undan so‘ng Toshkent va Jizzax hududlarida sodir bo‘ldi. Ammo bu kuchli chang bo‘roni emas. Aslida chang bo‘ronlar 3 guruhga bo‘linadi: kuchsiz, o‘rtacha va kuchli. Bizda o‘rtacha bo‘ron kuzatildi. Qo‘shni respublikalarda chang bo‘roni bundan kuchliroq bo‘ldi. Shunchaki, biz kuzatadigan statistikaga dunyoning barcha shaharlari kiritilmagan. Masalan, Qozog‘istonning Ostona shahri kiritilgan bo‘lsa, boshqa yirik shaharlari kiritilmagan. Shuningdek, Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod shaharlari ham bu reytingda yo‘q. Dunyodagi aholisi bir milliondan oshiq poytaxt shaharlar kiritilgan, xolos. Shuning uchun Toshkent havosi eng ifloslangan hududlar ro‘yhatida birinchi o‘ringa chiqib qoldi. Agar barcha shaharlar ro‘yhatga kiritilganda biz Toshkentni birinchi o‘rinda ko‘rmagan bo‘lar edik”, dedi u.
Shuningdek, Erkin Abdulahatovning aytishicha, respublikaning Buxoro va Navoiy viloyatlarida chang bo‘ronlarining kuzatilishi so‘nggi yillarda ikki baravar ortib ketgan. Buning esa aholi salomatligiga ziyoni katta.
“Buxoro va Navoiy viloyatlarida chang bo‘ronlari avval 25-30 marta kuzatilgan bo‘lsa, hozir 50 martadan ortiq kuzatilishi odatiy holga aylanib bormoqda. Uning davomiyligi ham ko‘payyapti, ko‘rish masofasi ham cheklanib boryapti. Bu atmosferada changlanish haddan tashqari ko‘payib ketganidan dalolat. Tabiiyki, buning oqibatida allergik kasalliklar, teri va ko‘z gavhari bilan bog‘liq kasalliklar ortib boryapti”, dedi Abdulahatov chang bo‘ronlari va mamlakatimizda yashil fitomassasining kamayib ketayotgani aholi salomatligiga ham katta ta’sir o‘tkazishi haqida gapirar ekan.
Bundan tashqari u kelgusi 10 kunlikdagi prognozlar haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmayapti va kelasi haftada ham chang bo‘roni takrorlanishi mumkin.
Mutaxassis bilan suhbatning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.