“Buz, qoch, ur, ushla...” - “snos”larda IIO xodimlari o‘zini qanday tutishi kerak?

Jamiyat

image

Sir emaski, so‘nggi vaqtlar uyi, hovli-joyi buzilayotgan (garchi u noqonuniy qurilgan bo‘lsa ham) odamlarning noroziliklari aks etgan, bu mojarolarda ichki ishlar organlari bilan aholi o‘rtasida ziddiyatli holatlar yuzaga kelayotgani ma’lum qilingan xabarlar paydo bo‘ldi. Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani va Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi janjalli holatlar ham bunga misol bo‘la oladi.

Aslida, “snos”lar vaqtida ichki ishlar organlari xodimlarning vazifasi nimalardan iborat? Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ushbu masalada eslatma bilan chiqdi. 

“ Ma’lum qilamanki, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim viloyatlarda aholi tomonidan sug‘oriladigan yerlardagi noqonuniy qurilmalarni hokimlik organlari tomonidan buzish kabi ishlar avj olayotgani, ushbu jarayonga jamoat tartibini saqlash uchun jalb etilgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolar va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi ziddiyatlarning oldini olish vaqtida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar aks etgan videotasvirlar tarqalayotgani kuzatilmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, keng jamoatchilikda aynan ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan norozilik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, mazkur kelishmovchiliklar, asosan, hokimiyat vakillarining ichki ishlar organlari xodimlari borligidan foydalanib, fuqarolarga nisbatan noo‘rin va qo‘pol xatti-xarakatlar, hurmatsizlik, o‘z vakolatlaridan chetga chiqish hamda ayrim vaqtlarda aholining mulkiga ochiqdan-ochiq tajovuz qilishlari oqibatida kelib chiqmoqda.

Bu kabi vaziyatlar Ichki ishlar vazirligining fuqarolar huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi xalqchil tizim yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga jiddiy putur yetkazib, ichki ishlar organlariga nisbatan keng jamoatchilikda ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarmoqda.

Shohrux G‘iyosovga ko‘ra, hududiy ichki ishlar organlari muammoli vaziyatlar hokimiyat va mahallalar tomonidan oldindan muzokaralar o‘tkazilib, hal etilganligiga qat’iy ishonch hosil qilgandan keyin joylarga chiqishi zarur.

Shuningdek, joylarda hokimiyat vakillariga fuqarolar bilan muloqot jarayonida hurmatsizlik qilmasliklarini, noo‘rin va qo‘pol munosabatda bo‘lmasliklarini tushuntirish, aks holda, o‘zlariga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘rilishi bilan qat’iy ogohlantirish talab etiladi.

Bundan tashqari, aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida ziddiyatlar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni avvaldan bartaraf etish choralarini ko‘rish lozim.

Ta’kidlanishicha, xodimlarning aholi va hokimiyat vakillari bilan bo‘lgan munosabatlarida biryoqlamalikka, shuningdek, hissiyotlarga berilish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Snos IIO

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing