Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi tez tarqalmoqda
Olam
−
21 dekabr 2020
8924Koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagan. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash xizmati bayonotida aytilgan.
“Ushbu turdagi koronavirus sentyabr oyida paydo bo‘lgan va noyabr oyining o‘rtalariga qadar uni juda kam odam yuqtirgan. Virusning yangi varianti bilan kasallanishning ko‘payishi birinchi bo‘lib noyabr oyi oxirida aniqlandi, o‘shanda Sog‘liqni saqlash xizmati Kent okrugidagi cheklanishlarga qaramay kasallanish darajasi pasaymaganini aniqladi. Keyinchalik biz koronavirusning ushbu varianti London va Esseksda tez tarqalayotganini aniqladik” deyiladi xabarda.
Koronavirusning yangi turi tezroq tarqalmoqda, ammo hozircha bu kasallikning yanada og‘ir kechishiga olib kelishi yoki yuqori o‘lim bilan bog‘liqligi to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘q, deb ta’kidladi olimlar. Bundan tashqari, Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasi unga qarshi qanchalik samarali ekani hali ma’lum emas. Buyuk Britaniya undan foydalanishni dekabr oyi boshida ma’qullagandi.
Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi 14 dekabr kuni yangi turdagi koronavirus aniqlanganini e’lon qildi. Angliya bosh sanitariya xodimi Kris Uitti ushbu turdagi virus odatdagi SARS-CoV-2 nomli turiga qaraganda tezroq tarqalishini aytdi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi genetik varianti 70 foiz ko‘proq yuqumli bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi