Buyuk Britaniyada milliarderlar soni rekord darajada kamaydi
Olam
−
18 may 6458 2 daqiqa
2024 yil Buyuk Britaniyada oxirgi 35 yil ichida ilk bor milliarderlar soni keskin kamaydi. Bu haqda “The Sunday Times Rich List 2025” reytingida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, mamlakatda hozirda 156 nafar milliarder bor. Bu raqam 2023 yilda 165 edi, 2022 yilda esa eng yuqori ko‘rsatkich – 177 milliarder qayd etilgan.
Shu tariqa, bir yil ichida Britaniya 9 nafar milliarderni yo‘qotgan, bu esa 1989 yildan beri yuritib kelinayotgan reyting tarixidagi eng katta kamayish hisoblanadi.
Qolaversa, 350 nafar eng boy britaniyaliklarning umumiy boyligi 3 foizga kamayib, 772,8 milliard funt sterlingni tashkil qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu pasayishga asosiy sabab – AQSH tomonidan joriy etilgan savdo cheklovlari tufayli global fond bozorlaridagi beqarorlik bo‘lgan.
Milliarderlik maqomini yo‘qotganlardan biri – Glencore kompaniyasining sobiq rahbari Aleks Bird bo‘ldi. Uning boyligi 991 million funtgacha kamaygan, u reytingda 140-o‘rindan 157-o‘ringa tushib ketgan.
Biroq umumiy pasayish fonida Qirol Charlz III boyligining 30 million funtga ortgan. Uning hozirgi boyligi 640 million funt sterlingga yetgan. Bu ko‘rsatkich bilan u sobiq bosh vazir Rishi Sunakni ortda qoldirib, reytingda 238-o‘ringa ko‘tarilgan.
Reytingda yetti yil ketma-ket birinchi o‘rinni egallab kelayotgan Hinduja oilasi bu safar ham yetakchilikni saqlab qolgan – ularning boyligi 35,3 milliard funt sterlingni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskva Gonkongni ortda qoldirib, AQSHning Nyu-York shahridan keyin dunyoda milliarderlar eng ko‘p yashaydigan ikkinchi shahar bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr