Buyuk Britaniyada hojatxonadan yadro qurilmasining sxemasi topildi
Olam
−
29 aprel 2023
10961Buyuk Britaniyadagi jamoat hojatxonalaridan birida yadro suvosti kemasining cxemasi topildi. Shundan so‘ng holat yuzasidan tergov harakatlari boshlandi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shimoli-G‘arbiy Buyuk Britaniyaning Kembriya okrugi Barou-in-Ferness port shahridagi jamoat xojatxonalaridan biridan atom suvosti kemasining sxemasi va hujjatlari topilgan. Mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlangan.
Hojatxonadan topilgan sxema haqida dastlab “The Sun” nashri joriy yilning 28 aprel kuni xabar bergan. Hojatxona polidan hujjatlarni topgan odam nashrga murojaat qilgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ushbu shaharda HMS Anson'ga tegishli bo‘lgan Astute tipidagi atom suvosti kemalari qurilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hojatxonadan topilgan hujjatlarda suvosti kemasining ichki tuzilishi soddalashtirilgan shaklda tasvirlab berilgan. Shunga o‘xshash sxemalar suvosti kemasi dengizchilari va kemaga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga beriladi.
Topilgan sxema “namunaviy o‘quv hujjatlari” turiga kirib, “maxfiy” muhri qo‘yilgan, ya’ni uning maxfiylik darajasi yuqori emas. Biroq, dengiz kuchlari buni xavfsizlik masalasi bo‘lgani uchun tergov o‘tkazish kerak deb hisoblagan.
Ma’lumot uchun, HMS Anson hozirgacha qurilgan eng murakkab suvosti kemalaridan biri bo‘lib, Buyuk Britaniya hukumati uning qurilishiga 1,3 milliard funt sterling (1,6 milliard dollar) mablag‘ ajratgan. Suvosti kemasining og‘irligi 7800 tonna bo‘lib, uzunligi 97 metrni tashkil etadi. HMS Anson 38 tagacha og‘ir vaznli Spearfish torpedalari va 1600 kilometrgacha masofadagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir bo‘lgan Block V Tomahawk quruqlik hujumi raketalari bilan qurollantirilgan.
LiveBarchasi