Buyuk Britaniya koronavirusni davolashda O‘zbekiston usuliga qiziqish bildirdi
Jamiyat
−
15 aprel 2020
9191Buyuk Britaniya tibbiyot mutaxassislari O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan koronavirusni davolash usuliga o‘z qiziqishlarini bildirishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekistonning London shahridagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tibbiyot xodimlari o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi. Unda ikki mamlakat mutaxassislari COVID-19 infeksiyasining oldini olish va davolash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdi.
"Videokonferensiya chog‘ida reanimatsiya bo‘linmalarida og‘ir ahvolda yotgan bemorlarni davolashning yangicha uslubiga alohida e’tibor qaratildi. Britaniyalik mutaxassislarda o‘zbekistonlik hamkasblarining bemorlarni kasaldan tuzalgan kishilarning qon plazmasi orqali davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlari va mamlakat shifoxonalarida ushbu uslubni keng joriy qilish borasidagi rejalari katta qiziqish uyg‘otdi" deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, videokonferensiyada Buyuk Britaniya tomonidan Lyusham London universiteti kasalxonasining Anesteziologiya va reanimatologiya departamenti direktori doktor Vaqas Xolid, shifokorlar Richard Friz va Fazliddin Murodov, O‘zbekiston tomonidan mamlakatning barcha hududlaridan anesteziologiya va reanimatologiya vakillari ishtirok etdi.
Aytilishicha, mazkur muloqot foydali bo‘ldi va yangi koronavirus hamda uni davolash usullari to‘g‘risidagi bilimlarni boyitish imkonini berdi. Kelgusida ham aloqada bo‘lish va doimiy asosda shu kabi tadbirlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.
LiveBarchasi