Butun Ispaniyada internet va mobil aloqa o‘chib qoldi
Olam
−
20 may 3945 2 daqiqa
Bugun, 20 mayga o‘tar kechasi Ispaniyada yana bir bor xizmat ko‘rsatish tizimida uzilishlar yuz berdi. Bu safar elektr energiyasi emas, balki telefon aloqasi va internet ishlamay qoldi. Bu haqda “El Pais” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, muammo mamlakatdagi asosiy statsionar va mobil aloqa, internet va televizion xizmatlar yetkazib beruvchisi bo‘lgan Telefónica kompaniyasining tarmoq yangilanishi sabab yuzaga kelgan.
“112 tez yordam xizmatlari Ispaniyaning bir nechta avtonom hududlarida, jumladan Aragon, Andalusiya, Ekstremadura, Navarra, basklar mintaqasi va Valensiyada ishlamay qoldi”, deyiladi xabarda.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Telefónica ayrim zarar ko‘rgan hududlarda, jumladan Valensiya, Andalusiya va Navarrada tez yordam xizmatlari bilan aloqani bosqichma-bosqich tiklagan. Ammo mamlakatda hali ham statsionar aloqa bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
“Tarmoqni yangilash bo‘yicha ishlar olib borilayotgan edi, bu ba’zi kompaniyalarda ayrim xizmatlarning ishdan chiqishiga olib keldi. Biz muammoni bartaraf etish ustida ishlayapmiz”, dedi Telefónica vakili.
Ispaniya Raqamli transformatsiya va davlat xizmati vazirligi esa vaziyatni kuzatib borayotganini, aniq ma’lumotlar va bartaraf etish bo‘yicha prognozlarni talab qilayotganini bildirgan.
Xizmatlar ishida nosozliklarni kuzatib boruvchi Downdetector saytiga ko‘ra, uzilishlar kechasi soat 2:00 dan so‘ng boshlangan va eng ko‘p shikoyatlar (72 foiz) statsionar internet bilan bog‘liq bo‘lgan. 18 foiz foydalanuvchilar mobil signal yo‘qligini bildirgan, yana 10 foiz esa to‘liq aloqa uzilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni Ispaniya va Portugaliyada, qisman esa Andorra, Belgiya va Fransiyaning chegaradosh hududlarida elektr energiyasi uzilib qolgan edi. Bu holat Yevropa tarixidagi eng yirik elektr uzilishi deb baholangan.
O‘sha vaqtda infratuzilma falaj bo‘lib qolgandi: svetoforlar ishlamay qoldi, poyezd va aeroportlar faoliyati to‘xtadi, ma’muriy va tijorat xizmatlari ishini to‘xtatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda liftlarda odamlarning qolib ketgani, mobil aloqada uzilishlar bo‘lgani haqida yuzlab holatlar qayd etilgan. Keyinroq Ispaniya hukumati mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgandi.
O‘sha vaqtda xizmat ko‘rsatish sektori 500 million yevro zarar ko‘rgani aytildi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, Ispaniya iqtisodiyotiga yetgan umumiy zarar kamida 1 milliard yevroni tashkil etgan – bu mamlakat yalpi ichki mahsulotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Ispaniya YAIMi bir kunda o‘rtacha 4,1 milliard yevroni tashkil etadi, shundan 14 foizi yoki 575 millioni asosan ishlab chiqarish sohasi ulushiga to‘g‘ri keladi va aynan shu soha to‘xtab qolgan.
Live
Barchasi