Bo‘stonliqda alohida boshqaruv tizimi joriy etiladi

Jamiyat

image

2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi doirasida:

Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani (keyingi o‘rinlarda –tuman) hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bunda, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi:

•    tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taklif kiritadi;

•    tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman bo‘linmalarining tuzilmalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi, shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida tumanda joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki ob’ekti bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun o‘tkaziladi.

 “Chorvoq” erkin turistik zonasi (keyingi o‘rinlarda – erkin turistik zona) hududida joylashgan hamda ushbu bandning “b” kichik bandiga asosan Direksiyaga o‘tkazilgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.

Erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga o‘zgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Ma’muriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi.

Tumanda joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qo‘yish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi.

Tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, ko‘chmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bog‘liq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi.

Tuman hokimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq bo‘linmalarining rahbarlari esa maqomi, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

Barcha davlat boshqaruvi organlarining respublika darajasidagi rahbar (o‘rinbosar)laridan biri bir vaqtning o‘zida ularning tumandagi tegishlicha hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun biriktiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

turizm Bo'stonliq tumani

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing