Bo‘stonliqda harbiylar xavfli hujumga uchragan fuqaroni qutqardi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida harbiylar xavfli hujumga uchragan fuqaroning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 1 oktyabr kuni soat 16:50 lar atrofida Mudofaa vazirligining Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, Toshkent—Sijjak yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining yoqasida ikki nafar fuqaro o‘zaro janjallashayotganiga guvoh bo‘lishgan.

Harbiy xizmatchilar zudlik bilan mashinani to‘xtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qo‘lida o‘tkir tig‘li pichoq borligini ko‘rishadi. Ular har ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qo‘lga olishadi va jarohatlangan fuqaroni Chorbog‘ tez tibbiy yordam bo‘limiga, ikkinchisini esa Ichki ishlar bo‘limiga olib borgan.

Dastlabki so‘rov natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1995-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro S.M., 1989-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.P.ga tegishli bo‘lgan avtomobilda yo‘lovchi sifatida Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan “Bochka” nomli oshxonaga olib borib qo‘yishi uchun 200 ming so‘m pul evaziga kelishgan. Manzilga yaqin kelganda fuqaro S.M. Toshkent—Sijjak yo‘lining xilvat joyida mashinani to‘xtatishni va shu yerga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytadi. Bir oz vaqt o‘tgach, o‘zaro suhbatlashish jarayonida mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan S.M. fuqaro A.P.ga to‘satdan pichoq bilan hujum qilib, uning gavdasini orqa qismi va bel sohasiga tan jarohati yetkazgan. A.P. o‘zini himoya qilish maqsadida mashinadan tushib qochayotgan vaqtida harbiy xizmatchilar kelib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'stonliq harbiy

Baholaganlar

2506

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing