“Bo‘ston”da karantinda saqlangan 294 fuqaro uyiga kuzatildi (foto)
Jamiyat
−
18 fevral 2020
7214Avvalroq, turli maqsadlarda Xitoyda safarda bo‘lgan jami 584 nafar o‘zbekistonlik joriy yilning 4-6 fevral kunlari uchta charter reys orqali mamlakatga olib kelingani haqida xabar bergan edik. Ularning 459 nafari erkak va 125 nafari xotin-qizlardir. Ularning bari 14 kunlik karantinga olingandi.
Bugun, 18 fevral kuni “Bo‘ston” sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolar 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat’iy karantin holatida saqlandi. Shu davr yakuniga qadar tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari to‘liq, xalqaro standartlar bo‘yicha olib borildi. Karantinda bo‘lgan fuqarolar birinchi kun va inkubatsiya davrining tugashi bilan, ya’ni ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi.
“Bo‘ston” sanatoriysi to‘liq karantin talablari asosida jihozlandi. Kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta’minlandi. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilib, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlandi. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Oshxonalarda 14 kunlik taomnoma tuzilib, kuniga uch marta sifatli ovqatlanish tashkil etildi”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.
Barcha muassasalarda yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishdi. Ular karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat yuritishdi. Shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular alohida binolarga joylashtirildi.
Erta indin karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz ham o‘z uylariga kuzatiladi.
LiveBarchasi