“Buni oqlab ham, izohlab ham bo‘lmaydi!” Makron Fransiya xalqiga murojaat qildi (video)

Olam

−

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda yashash xarajatlarining oshishiga qarshi namoyishlar ortidan yuzaga kelgan tartibsizliklarni keskin qoralab, zo‘ravonlik sodir etganlar jazolanishini bildirdi. Bu haqda u kecha, 18 oktyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida davomida so‘z ochdi.

 

Prezidentning aytishicha, tartibsizliklar vaqtida do‘konlar talangan, davlat binolari va shahar hokimiyatlariga hujum qilingan, ayrim ob’ektlar vayron etilgan. Jumladan, Limoj shahridagi XIX asrga oid shahar hokimiyati binosi yonib ketgan, Lion markazidagi turistik axborot idorasiga o‘t qo‘yilgan, Marsel shahar hokimiyatiga bostirib kirilgan, Bordoda esa prefekt qarorgohiga hujum qilingan.

“Bunga qanday qilib qo‘l urish mumkin? Buni hech qanakasiga oqlab bo‘lmaydi, izohlab ham bo‘lmaydi”, deydi Makron.

U tartibsizliklarni sodir etganlarni qonuniy talablarini bildirgan namoyishchilardan ajratish kerakligini ta’kidlagan.

Prezidentning qayd etishicha, yuz minglab fransuzlar yashash xarajatlari, yoqilg‘i narxlari va yoshlarning kelajagi borasidagi xavotirlarini bildirish uchun namoyishlarga chiqqan.

“Biz qonuniy talablarni zo‘ravonlik bilan aralashtirib yubormasligimiz kerak. Zo‘ravonlik bu talablarning eshitilishiga to‘sqinlik qilishiga ham yo‘l qo‘ymasligimiz lozim”, deydi Fransiya rahbari.

Makron tartibsizliklar ortida o‘ta so‘l guruhlar va ularga qo‘shilgan huquqbuzarlar turganini aytib, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan.

“Tartibbuzarlar va zo‘ravonlik sodir etayotgan barcha shaxslarga nisbatan murosasiz bo‘lamiz. Tinglash va muloqot qilish zaiflik yoki jazosizlik degani emas”, deydi u.

Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 17 oktyabr kuni sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qariyb 2 400 kishi qo‘lga olingan, 997 nafar politsiyachi va jandarmlar jarohatlangan. Ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir bo‘lgan.

 

Makron hukumatdan voqealar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni, xavfsizlik xizmatlarining harakatlari va tartibsizliklarning oldini olish borasidagi kamchiliklarni aniqlashni talab qilgan.

Prezident, shuningdek, zarurat tug‘ilganda mahalliy hokimiyat organlari ayrim yig‘ilishlarni taqiqlashi mumkinligini bildirgan. U siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlarini zo‘ravonlikni ochiq qoralashga chaqirgan.

“Mamlakatga tartib, vazminlik va osoyishtalik kerak, vaziyatning yanada keskinlashishi emas”, deydi Makron.

U yoshlarning kelajagi bilan bog‘liq xavotirlarini ham alohida tilga olgan. Prezidentning aytishicha, maktab o‘quvchilari va talabalar ta’lim sharoitlari, hayot kechirish imkoniyatlari hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topish borasida tashvish bildirmoqda.

“Yoshlarimizdan kelajakka ishonishni talab qilib, ularga yechimlarni ishlab chiqish va muhokamalarda ishtirok etish imkonini bermasligimiz mumkin emas”, deydi u.

Makron hukumat yoshlar, o‘qituvchilar, kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va mahalliy hokimiyat vakillari bilan birgalikda aniq takliflar ishlab chiqishini ma’lum qilgan.

Fransiyada prezidentlik sayloviga olti oy qolganini eslatgan Makron siyosiy kurash ko‘chalardagi zo‘ravonlik bilan emas, ochiq muhokamalar orqali olib borilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Fransiya munosib prezidentlik sayloviga loyiq. Bahslar siyosiy partiyalar bilan olib borilishi kerak, ko‘chalarda zo‘ravonlik va vayrongarchilik orqali emas”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada bir necha kundan beri davom etayotgan tartibsizliklar oqibatida qariyb 2,4 ming kishi hibsga olingani, politsiya va jandarmeriyaning mingga yaqin xodimi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing