“Bunyodkor” 18 yoshli futbolchisi uchun rus klubidan $1 mln talab qildi
Sport
−
03 avgust 2022
11252Toshkentning “Bunyodkor” klubi futbolchisi Umarali Rahmonaliyevga Rossiyaning “Rubin” klubi tomonidan qiziqish bildirilmoqda. Bu haqda “Metaratings” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Rubin” o‘zbekistonlik 18 yoshli futbolchi Umarali Rahmonaliyevni o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy harakat qilmoqda. Biroq Qozon klubi muammoga duch kelgan. Negaki “Bunyodkor” futbolchisi uchun bir million dollar talab qilmoqda. Qozonliklar Umarali uchun bunchalik katta mablag‘ni to‘lash niyatida emas.
Qayd etilishicha, Rahmonaliyevning o‘zi ham “Rubin”ga o‘tishni istayapti. Uning “Bunyodkor” bilan shartnomasi yil oxirida yakuniga etadi. Agar klub Umaralining "Rubin"ga o‘tishiga qarshi chiqsa, u shartnomani bir tomonlama bekor qilib, erkin agent sifatida Qozon klubiga o‘tishga tayyor.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Rahmonaliyev “Bunyodkor” safida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urgan. “Transfermarkt” portali 18 yoshli yarim himoyachining narxini 200 ming yevroga baholamoqda.
LiveBarchasi