Bundan buyon Afg‘oniston terrorchi guruhlarga boshpana bo‘lmaydi – Trapmning vakili
Olam
−
02 mart 2020
4251Ma’lumki, joriy yilning 29 fevral kuni AQSH va Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati o‘rtasida muhim hujjat imzolandi. Tinchlik sulhi nomini olgan hujjat Afg‘onistonda 40 yildan buyon davom etib kelayotgan urushga barham berdi.
AQSH Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod o‘zaro kelishuvning ahamiyati va bunda O‘zbekistonning tutgan o‘rni haqida shunday deydi:
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi nihoyatda katta rol o‘ynadi. Uzoq kutilgan tinchlik jarayoni nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda keng imkoniyatlar ochmoqda. Mintaqada savdo-sotiq, iqtisodiy tarmoqlarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jihatidan yangi istiqbollar ochilyapti. Bu borada O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik yana rivojlanadi, degan umiddamiz.
Buning ortidan integratsiya jarayonlari ildamlaydi. Mintaqada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, sanoat, transport-logistika xizmatlari rivojlanadi. Bu biz uchun juda katta umid bog‘lovchi rishtalar”.
Trampning vakili so‘zida davom etarkan, AQSH va “Tolibon”ning murosaga kelishida O‘zbekiston hukumati, xususan Prezident Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. Halilzod 2018 yilning 27 mart kuni O‘zbekistonda o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiyani xotirladi.
“2018 yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan uyushtirilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjuman bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarga muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi. AQSH va “Tolibon” o‘rtasida olib borilgan muzokaralar nafaqat ikki tomonlama muzokaralar bo‘ldi, balki ayni vaqtda Afg‘onistondagi ichki siyosiy kuchlar o‘rtasidagi muzokaralarga yo‘l ochib berdi”, deydi Zalmay Halilzod.
40 yildan buyon Afg‘onistonda davom etib kelayotgan urush mamlakatni har jihatdan tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ldi. Iqtisodiyot va sanoati, qishloq xo‘jaligi, ta’lim tizimi butunlay ishdan chiqdi. Bir vaqtlar buyuk olimlar yurti bo‘lgan Afg‘oniston gumanitar yordamga muhtoj o‘lkaga aylandi. Bu vaqt oralig‘ida esa ko‘plab terrorchi guruhlar, xalqaro terroristik tashkilotlar Afg‘onistonda in qurdi. Yangi bitimga ko‘ra, endi Afg‘oniston terrorchi guruhlarga boshpana bo‘lmaydi. Bu esa monitoring qilib boriladi.
“Bugungi kunda butun dunyo Afg‘onistondagi xalqaro terrorizm kuchlariga qarshi kurashda o‘z sa’y-harakatlarini olib bormoqda. Qolaversa, bitimga ko‘ra, bundan buyon Afg‘oniston zamini xalqaro terrorchilar guruhiga boshpana bermaydigan bo‘lyapti. Bu bitimga imzo chekkanlar tomonidan alohida monitoring qilib boriladi. Bundan asosiy maqsad esa Afg‘oniston hududida yakdil tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish”, deydi Zalmay Halilzod.
LiveBarchasi