Bunaqasi ilgari kuzatilmagan – O‘zgidromet yomg‘irli kunlar qachon tugashini aytdi
Bu qiziq
−
17 mart 2022
52434O‘zbekistonda mart oyida anormal ob-havo kuzatilmoqda. Mart oyining oxirigacha ham yomg‘irli kunlar davom etishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometereologiya xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning mart oyi juda yomg‘irli bo‘ldi. O‘zgidrometga ko‘ra, Shimoliy hududlardan tashqari, respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilik odatdagidan 2−3 marta ko‘p bo‘lgan. Toshkentda esa deyarli 2 oylik yog‘ingarchilik miqdori yog‘gan.
Ta’kidlanishicha, jadal yomg‘irning davomiyligi anormal hisoblanadi.
Eng kuchli yomg‘ir esa 11−15 mart kunlari kuzatilgan. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda bir kecha-kunduzda yog‘gan yog‘ingarchilik miqdori ayrim kunlarda 25−40 mm, tog‘li hududlarda ba’zi joylarda 50−60 mm gacha bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, shu bilan yomg‘irlar tugamaydi. 18 martga qadar O‘zbekiston hududining katta qismida yomg‘irlar tanaffus bilan yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 18 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanish ehtimoli bor. Ushbu kunlarda Respublikaning shimolida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.
18 martdan so‘ng yog‘ingarchilik 2−4 kunga tanaffus qilishi kutilmoqda. Keyinchalik, mart oyining oxirigacha bu kunlar kabi kuchli va uzoq muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 2003, 2012 va 2021 yillarning mart oylarida ham juda yomg‘irli ob-havo kuzatilgan, ammo bu yilgi kabi jadal va davomiyligi uzoq muddatli yomg‘irlar ilgari kuzatilmagan.
Iqlimshunos olimlarning fikricha, global isish yog‘ingarchilik ko‘payishiga olib kelmaydi. Biroq ular ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishiga, shu jumladan, anomal quruq yoki anomal nam davrlarning takroriyligi ko‘payishiga olib keladi. Joriy yilning mart oyi buning yorqin tasdig‘idir.
LiveBarchasi