Buxorodagi bog‘chada 150 bolaning ovqatiga 300 gramm go‘sht solingani aniqlandi
Jamiyat
−
13 iyul
6729Ijtimoiy tarmoqda Buxoro viloyatidagi bog‘chalarning birida tuman hokimi 150 nafar bolaning ovqatidan 300 gramm go‘sht topgani haqida videotasvirlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bilan bog‘landi.
Ma’lum bo‘lishicha, Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov tumandagi 14-MTTni o‘rganish uchun borgan. Videoda hokim bog‘cha oshxonasiga kirib, pishirilayotgan ovqatlar ichidagi go‘shtni taroziga torttirib ko‘rgani aks etgan. Go‘sht 300 gramm chiqqan. Ko‘rinishicha, bu 151 nafar tarbiyalanuvchi uchun tayyorlangan ikkinchi ovqatga solingan go‘sht.
“Mana bu 14 bog‘chada 168 nafar bola ro‘yxatda turadi. 151 nafar bolaga pishirilayotgan ikkinchi ovqat. Makaron kabobning ichidagi barcha go‘shtlar olindi. Olib taroziga tortilsa, 300 gramm go‘sht chiqdi. Mana, 300 gramm go‘sht solingan. Mana qahramonlarimiz, hamshira, oshpaz va bog‘cha mudirasi o‘rinbosari”, degan hokim videoda.
Vazirlik matbuot kotibiga ko‘ra, 10 iyul kuni tuman hokimi tomonidan ishchi guruh tuzilib, ijtimoiy ob’ektlar faoliyati o‘rganilgan. Jarayonda tumandagi 14-MTT faoliyati bilan tanishilgan. Oshxonada birinchi ovqat ham pishirilayotgan bo‘lib, unga 5,85 kg go‘sht mahsuloti, ikkinchi ovqatga 300 gramm go‘sht solingani aniqlangan.
Shu bilan birga, bog‘cha mudirasi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan.
LiveBarchasi