Buxoroda uyida sher saqlangan shaxs aniqlandi

3-sahifa

image

Buxoro viloyatining Romitan tumanida joylashgan Qoqishtuvon mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu holat Ekologiya boshqarmasi, tuman ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

“Tekshiruv natijasida fuqaro tegishli ruxsatnomasiz yovvoyi hayvonni asrab kelayotgani tasdiqlandi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-1-moddasi 1-qismi asosida huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sud organlariga yuborilgan. Sher bolasi esa vaqtinchalik hayvonot bog‘iga joylashtirilgan.

“Sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi boshqarma xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga ayrim yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda (chodirlarda) tomoshalar uchun foydalanish ham man etiladi.

Qarorga binoan, taqiqlangan hayvonlar faqatgina Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar tomonidan hayvonot bog‘lari, pitomniklar (terrarium, okeanarium va boshqalar)da saqlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlagan shaxslar 18 mln 750 ming so‘mgacha jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro sher yovvoyi hayvonlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing