Buxoroda o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
3-sahifa
−
26 yanvar 2023
5321Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tanishining o‘g‘lini 1500 AQSH dollari evaziga Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
“Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘ijduvon tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro D.S. fuqaro N.H.ning o‘g‘lini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Departamentning Buxoro viloyati Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro D.D. fuqaro O.Sh.ni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi universitetlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 000 AQSH dollarini olganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, aybdor shaxs ushbu pullar hisobidan 200 AQSH dollari va unga tegishli hujjatlarni qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida fuqaro D.Yu. fuqaro I.K.ning qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi universitetidagi o‘qishini tanishlari orqali O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga ko‘chirib berishini aytib, aldov yo‘li bilan 3 000 AQSH dollarini olgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi