Buxoroda odamni oyog‘idan osganlar jazolandi (video)
3-sahifa
−
14 fevral 8839 1 daqiqa
Buxoro viloyatining Peshku tumanida odamni oyog‘idan osib qo‘yib video olganlar jazolandi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu video Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi kanal egasi va umumiy ovqatlar shaxobchasi egalari tomonidan o‘zaro kelishilgan holda mijozlarni jalb qilish va ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish maqsadida sahnalashtirilgan. Tasvirlarda fuqaroning oyoqlaridan osib qo‘yilgani va qassob rolidagi shaxsning uning atrofida pichoq charxlab turgani aks etgan.
Shuningdek, videoda inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi axloqiy me’yorlarga zid bo‘lgan iboralar ishlatilgan. Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.
To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-1-moddasi (“Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilikni buzish) bilan aybli deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 7 barobari ( 2 mln 824 ming so‘m) miqdorda jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Peshku tumanida 290 gektar yer maydonini 600 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan tadbirkor ushlangani haqida xabar berilgandi.
Javohir Aliqulov
Live
Barchasi