Buxoroda gaz yo‘qligidan norozi aholi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi
Jamiyat
−
10 dekabr 2020
9513Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati aholisi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani tasvirlangan videolar tarqaldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar shu yo‘l bilan gaz yo‘qligidan nozorilik bildirishgan.
Videoda norozilik ishtirokchilari 20 nafar atrofidaligini, ularning ko‘pchiligi ayollardan iborat ekanligini ko‘rish mumkin.
Ushbu vaziyatga “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali rasmiy munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumanining "Shergiron" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi gaz ta’minoti tizimidagi muammolardan noroziligini bildirib, yo‘lning qatnov qismini to‘sishga urinayotgani tasvirlangan videolavhalar tarqaldi.
Voqea sabablariga oydinlik kiritish uchun "Hududgaz Buxoro" gaz ta’minoti filiali xodimlari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda sektor rahbarlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning shikoyatlari tinglandi. Gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rildi.
Ta’kidlash joiz, shu kunlarda Buxoro tumanida aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda bosimning keskin pasayishi kuzatilgan. Bunday vaziyatning yuzaga kelishiga "Sohibkor" gaz taqsimlash stansiyasidagi ikkinchi jo‘mrakning yopilishi sabab bo‘lgan. Oqibatda hududga tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurlarda bosim 6 dan 1,8 atmosferaga tushib ketgan. Natijada, 1,3 mingdan ziyod aholi xonadoni gaz ta’minotida qiyinchiliklarga duch keldi.
Ayni vaqtda, aholi punktiga gaz ta’minoti tiklanmoqda”, deyiladi filial Matbuot xizmati taqdim etgan izohda.
O‘z navbatida, Buxoro tuman hokimligi ham mazkur vaziyatga oydinlik kiritdi.
Buxoro tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qilishicha, videomaterial Buxoro tumanidagi “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida tasvirga olinganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, 949 ta xonadonda 5 ming 610 nafar kishi istiqomat qilayotgan “Rabotipoyon” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda tabiiy gaz bosimi pasaygan. Mutaxassislar buni ob-havoning keskin tushib ketishi natijasida gaz iste’moli ko‘payishi va oqibatda hudud aholisining aksariyat xonadonlarida tabiiy gaz bosimida muammolar paydo bo‘lganligi bilan izohlashmoqda.
Dastlabki o‘rganishlar jarayonida mahalladagi gaz maromlash punktining soz holatda ekanligi aytilmoqda. Hozirda gaz bosimi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu borada batafsil axborot beriladi.
LiveBarchasi