Buxoroda bolalarni urgan tarbiyachi ishdan haydaldi
Olam
−
01 iyul 4563 1 daqiqa
Bugun, 1 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi 53-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisining bolalar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, video boshqarma tomonidan tezkor o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida videotasvirda aks etgan holat joriy yilning 27 may kuni yuz bergani aniqlanib, o‘z lavozim majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan M.A. ismli tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tashkilot direktorining kecha, 30 iyundagi buyrug‘i asosida bekor qilingan.
Bildirilishicha, ayni paytda maktabgacha ta’lim tashkilotida bunday holatni yuzaga keltirgan sabablar batafsil o‘rganilib, bu borada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi mas’ullari bilan uchrashuvda 2024 yilda bolalarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik yuzasidan murojaatlar ortidan 32 nafar rahbar va tarbiyachi ishdan olinganini ma’lum qilgan edi.