Buxoroda arxeologik yodgorlik mol boqish uchun berib yuborildi

Madaniyat-san’at

image

2015 yilda Buxoro viloyatining Shofirkon tumani hokimligi “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologik yodgorligi hududining bir qismini fermer xo‘jaligiga mol boshqish uchun berib yuborgan. Oqibatda yodgorlik yer maydonining 1,8 ming kvadrat metr qismiga shikast yetkazilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga “Vardonze qo‘rg‘oni” arxeologiya yodgorligi hududiga zarar yetkazilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Shundang so‘ng, Aksilkorrupsiya agentligi Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan o‘rganib chiqilgan. 

O‘rganish jarayonida Shofirkon tumanidagi “To‘ymurod Xolmurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan ob’ektning muhofaza hududini og‘ir texnika yordamida surib, yer qazish, yer tuzish, ekin ekish va melioratsiya ishlarini amalga oshirgani aniqlangan. Jumladan, tadbirkor ariq qazib, fermer xo‘jaligi yer maydonini arxeologiya ob’ekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirgan.

Bu esa ob’ektning Rabod qismi madaniy qatlami yo‘qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo‘lishi hamda yer qarida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.

Ob’ektning yer maydoni va muhofaza hududi tuman hokimligining 2013 yildagi qaroriga asosan 124 gektarni tashkil etgan. Ammo, 2015 yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz ob’ekt hududini 76 gektar etib belgilagan. 

Shuningdek, qisqartirilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan. 

O‘rganish yakunida arxeologiya yodgorligining Rabod qismi yer maydonining 1 ming 800 kvadrat metr qismiga shikast yetkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 milliard 730 million so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan  Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Toshkent viloyatining Parkent tumani hokimligi “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududini MCHJga sotib yuborgani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing