Buxoroda 17 ming ayol ish bilan ta’minlanadi – Hukumat qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida namunali hududga aylantirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2019 yilda Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida namunali hududga aylantirish va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, viloyatdagi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan va nogironligi bo‘lgan 246 nafar xotin-qizlarni nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash, ishlash istagidagi 2 261 nafar ayolni “ustoz–shogird” tizimi asosida hunarmandchilikka o‘rgatish nazarda tutilgan.

Dasturga asosan, xotin-qizlar kutubxonalari uchun ijtimoiy hayotning turli jabhalari yoritilgan, tarbiyaviy ahamiyatga ega 270 turdagi asarni 20 ming nusxada chop etish rejalashtirilgan.

Buxoro shahri, Olot, G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlarini “salbiy holatlardan xoli hududga aylantirish” bo‘yicha aniq choralar belgilash ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan shuningdek, 2019 yilda Buxoro viloyatida ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlashning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti va manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 540 mahallada jami 316 ta loyiha amalga oshiriladi hamda 22 ming 436 yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu orqali esa 17 ming ishsiz ayolning bandligi ta’minlanadi.

Qarorga muvofiq, viloyatdagi og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi uy-joyga muhtoj ayollar uchun belgilangan 7 ta tumandagi binolar (ular tegishli tuman hokimliklari tomonidan boshqa binolarga almashtirish mumkin) qayta ixtisoslashtirish yo‘li bilan rekonstruksiya qilgan holda turar joylarga aylantiriladi.

Bundan tashqari, qaror bilan joriy yilda viloyatda o‘z tadbirkorligini tashkil etadigan xotin-qizlarning tuman (shahar)lar bo‘yicha asosiy parametrlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik yo‘nalishida jami 168 loyihaning amalga oshirilishi, bunga 7 mlrd 477 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, xotin-qizlarni, ayniqsa, qiyin ahvolga tushib qolgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni o‘qitish dasturi ishlab chiqiladi.

Notinch oilalar va jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlashda, ular o‘rtasida salbiy holatlarning kelib chiqishi sabablarini bartaraf etish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni ta’minlovchi elektron dastur tajriba tariqasida amaliyotga joriy etiladi. 

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha alohida boshqarma va uning bo‘limlari tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror Buxoro viloyati xotin-qizlar

Baholaganlar

11

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing