Buxoroda hokimlar jazolandi: 5 nafari “hayfsan”, 2 nafari jarima bilan “siylandi”
Jamiyat
−
03 Oktabr 2021
9354Buxoro viloyatida fuqarolar murojaati bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 5 ta tuman hokimiga “hayfsan” berildi, 2 ta tuman hokimi esa ish haqining 20 foiz miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Buxoro viloyati hokimi tomonidan imzolangan farmoyishga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan Buxoro viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlashning holati o‘rganib chiqilgan. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnomada viloyat, tuman va shaharlar hokimliklarida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya etilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan.
Shu sababdan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga e’tiborsizlik bilan qaraganligi uchun:
• Qorovulbozor tumani hokimi A.Ostonov;
• Vobkent tumani hokimi F.Umarov;
• Kogon tumani hokimi M.Esanov;
• Peshku tumani hokimi V.Qahhorov;
• Buxoro tumani hokimi X.Jo‘rayevga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Shuningdek, Jondor tumani hokimi S.Hikmatov va Shofirkon tumani hokimi Sh.Hakimovga oylik ish haqining 20 foizi miqdorida jarima solindi. Buxoro shahri hokimi J.Nosirov qattiq ogohlantiridi.
Avvalroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Turdiyevich Ergashev, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Bahodirovich Ibrohimov va Yangihayot tumani hokimi Hayot Ilyasovich Inog‘amovga “hayfsan” bergandi.
LiveBarchasi