Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlanadi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2023
5452Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida aholi bandligini ta’minlashga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 1 milliondan ziyod mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 76 ming nafari ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda.
“Shu bois Buxoroda 11 ta paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari bo‘lib, ular tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallanmoqda”, deyiladi xabarda.
Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 57 ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori bo‘lgan 98 ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda mas’ullar tomonidan 15 ming gektar ekin yerlarini yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida berish, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish o‘rinlarini ko‘paytirish takliflari bildirildi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 250 mingta ish o‘rni yaratilishi, 2023-2025 yillarda Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Prezidentga Hindiston bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berilgan.
Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha topshiriqlar bergan.
LiveBarchasi