Bugunning muhokamasida: erkinlashtirilgan kurs, Atamboyev, Prezidentning maslahati

Jamiyat

20 avgust sanasi ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim xabarlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Prezidentning Qoraqalpog‘istonga safari

20 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari Mo‘ynoq tumaniga borib, Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, keyin baliqchilik korxonasida bo‘ldi. Shundan so‘ng, "Mo‘ynoq porloq teks" korxonasini borib ko‘rdi va Mo‘ynoq tumanidagi madaniyat markazida qoraqalpog‘istonlik faollar bilan muloqot qildi.

Maktablarda yangi o‘quv yili qachondan boshlanadi?

O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili 2019 yilning 4 sentyabridan boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31 avgustdan 3 sentyabrgacha dam olish kunlari deb belgilangan.

Yangi universitet tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qo‘qon universiteti tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, o‘qitish o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Rasman: Tijorat banklari valyutani naqd sota boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ichki valyuta bozoridagi hozirgi vaziyat va valyuta kursining dinamikasi yuzasidan bayonot berdi. Markaziy bankning joriy yil 9 avgustdagi xabarida Ichki valyuta bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlarning sabablari bayon qilindi. 

So‘nggi kunlarda ichki banklararo valyuta bozorida kim oshdi savdosida kurslar o‘zgaruvchanligining ortishi kuzatilmoqda. Xususan, 2019 yil 20 avgustdagi birja savdolarida so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi 9384 so‘m/dollarni tashkil etdi. 

Dollarning rasmiy kursi 323 so‘mga qimmatladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 21 avgustdan xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, 1 AQSH dollari 9384 so‘mga teng bo‘lib, o‘tgan haftadagiga nisbatan 323 so‘mga qimmatlashgan. 1 yevro kursi esa 301,58 so‘mga qimmatlab, 10393,72 so‘mni tashkil etdi.

Endi MB valyuta kursini belgilamaydi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bundan buyon xorijiy valyutalarning kursini belgilamaydi.

"Markaziy bank bundan keyin valyuta sotish va sotib olish narxlarini belgilamaydi. Bu narx bozorda mustaqil shakllanadi", dedi Mamarizo Nurmuratov.

Atamboyev bo‘yicha sudning yangi qarori chiqdi

Bugun, 20 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Pervomayskiy tuman sudi mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni 26 oktabrgacha hibsda saqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda respublikaning sobiq rahbarining advokati Sergey Slesarevning yopiq yig‘ilishidan keyin jurnalistlarga ma’lum qildi.

MB: Milliy valyuta Amerikadan boshqa hamma mamlakatlarda qadrsizlanyapti

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatda chorak asr davomida tadbirkorlik moliyaviy resurslar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov OAV vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

"Milliy valyutaning qadrsizlanishi Amerikadan boshqa hamma mamlakatlarda kuzatilyapti", dedi Nurmurotov.

O‘zbekiston oltin eksporti rekord darajaga chiqdi

Shu yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga 3,4 mlrd. dollarlik oltin sotdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollar bo‘lgan edi. O‘sish 2,2 barobarni tashkil etdi. 

So‘nggi besh yilda mamlakat oltin eksporti bir necha marotaba o‘zgargan. Masalan, mazkur ko‘rsatkichlar 2015 yilda 823,9 million dollar, 2016 yilda 738,2 million dollar, 2017 yilda 1,6 milliard dollarni tashkil etgan. 

O‘zbekistonda pul almashadimi? MB raisi javob berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda milliy so‘m denominatsiya qilinishi haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, 2019 yil so‘ngiga qadar mamlakatda yangi pul birligi 10 000:1 nisbatda muomalaga kiritiladi.

Tarqalayotgan mish-mishlarda eski va yangi so‘m 2020 yil davomida parallel xarakat qilishi, plastik kartadagi pullar 2020 yil 1 yanvardan avtomatik ravishda to‘rtta nolini yo‘qotishi aytilgandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov denominatsiya to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qildi.

So‘m nega qadrsizlanyapti? MB raisi bayonot berdi

O‘zbekistonda milliy valyuta so‘mning xorijiy valyuta, xususan, AQSH dollariga nisbatan tez sur’atda qadrsizlanishi aholi orasida vahimaga sabab bo‘ldi. Shu sababdan O‘zbekiston Markaziy banki raisi mazkur holatga izoh berdi

Rossiyadan O‘zbekistonga radioaktiv bulut keldimi?

Taqiqlangan yadroviy sinovlar tashkiloti ekspertlari radionuklidlar buluti O‘zbekistonga ham yetib kelgan deb, hisoblayapti.

Dubna va Kirovdagi radiatsiyani monitoring qilish markazlari Severodvindagi yadro markazida yuz bergan portlashdan ikki kun keyin ma’lumotlar berishni to‘xtatib qo‘ygan. Bunga Yadro sinovlarini butkul taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha tashkilotning ijrochi kotibi Lassina Zerbo e’tibor qaratgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing