Bugundan boshlab biznesmen emasman – Allamjonov

Jamiyat

image

Komil Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani bois barcha bizneslarini boshqa egalariga topshirdi. U endi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘unmasligini aytmoqda. Bu haqda Allamjonov o‘zining shaxsiy Telegram-kanalida e’lon qilgan bayonotida aytgan. 

U o‘z bayonoti avvalida so‘nggi yangilik, fikr va rejalarini kuzatuvchilari bilan o‘rtoqlashishni ma’qul topganini urg‘ulaydi. 

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmonlari, ishonchlari bilan bugun men juda mas’uliyatli vazifaga tayinlandim. Davlatimiz rahbariga o‘zimga bildirilgan yana bir ishonch uchun tashakkur bildirgan holda, men buni birinchi navbatda juda katta mas’uliyat deb bilishimni alohida ta’kidlashni istardim”, deydi Allamjonov. 

U bugundan boshlab Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi lavozimidagi faoliyatini yakunlaganini ochiqlagan. 

“Bugundan boshlab men barcha biznes loyihalarimni, kompaniyalarimni ham boshqa egalariga topshiraman. Bugundan boshlab men biznesmen emasman. Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”, deydi Allamjonov.

Uning qayd etishicha, Fondga tez kunda yangi rais tayinlanadi. 

“O‘ylaymanki, so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga ko‘tariladi. Chunki davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bu islohotlar faqat oldinga yuradi, ortga qaytmaydi”, deydi Allamjonov. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 26 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Komil Ismoilovich Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mazkur tayinlovga qadar, Komil Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Ma’lumot o‘rnida, Komil Allamjonov mamlakat siyosiy diorasidagi eng yosh amaldorlardan biri sanaladi. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

311

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing