Bugun Tramp Netanyaxu bilan uchrashadi
Olam
−
14:09 537 2 daqiqa
Yaqin Sharqda keskinlik tobora kuchayib borayotgan bir paytda, AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 11 fevral kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni qabul qiladi. Bu haqda BBS xabar qildi.
Uchrashuv Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi bosqichga kirgan vaqtda bo‘lib o‘tmoqda.
Netanyaxu AQSHga jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlarga bergan intervyusida, kutilayotgan muzokaralarda Trampni Eronning uranni boyitishni to‘xtatish, HAMAS va “Hizbulloh” kabi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni cheklash bo‘yicha kelishuvga erishishga undashini ma’lum qilgan.
Eron esa G‘arb sanksiyalari yumshatilmaguncha uranni boyitishni cheklamasligini bildirgan. Tehron avval iqtisodiy bosimlar bekor qilinishi kerakligini talab qilmoqda.
Netanyaxuning bu tashrifi Tramp prezidentlikka qaytganidan buyon AQSHga oltinchi safari hisoblanadi. U Oq uyga boshqa xorijiy yetakchilarga qaraganda ko‘proq tashrif buyurgan.
Qayd etish joizki, ayni vaqtda AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda. Tramp Eron yadroviy kelishuvga erishmasa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. U mintaqaga ikkinchi aviatashuvchi zarba beruvchi guruh yuborish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan. Avvalroq, USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasi mintaqaga jo‘natilgan edi.
Isroil rasmiylari ham agar Eron AQSH bilan kelishuvga erishmasa, harbiy choralar ko‘rish huquqi saqlanib qolishini bildirgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Netanyaxu Tramp bilan yaqin aloqalaridan foydalanib, Isroil xavfsizlik manfaatlariga mos keladigan keng qamrovli kelishuvga erishishga intilmoqda.
Jorjtaun universiteti professori Den Baymanning fikricha, Isroil AQSH Eron bilan shoshilinch kelishuvga erishib, raketa dasturi yoki HAMAS va “Hizbulloh”kabi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini chetda qoldirishi mumkinligidan xavotirda.
Uchrashuv natijalari Yaqin Sharqdagi xavfsizlik va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelgusidagi diplomatik jarayonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH, Isroil va Yevropa yetakchilarini mamlakatdagi iqtisodiy muammolardan foydalanib, norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atishda ayblagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi kuchlar Eron jamiyatini parchalash maqsadida namoyishchilarga turli vositalar taqdim etgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi