Bugun “Neftchi” va “Paxtakor” Elit OCHLdagi ishtirokini boshlaydi

Sport

image

Bugun, 14 sentyabr kuni Elit Osiyo Chempionlar ligasi 2026-2027 yilgi mavsum start oladi. Kun doirasida O‘zbekistonning ikki klubi “Neftchi” va “Paxtakor” ham o‘z uchrashuvlarini o‘tkazadi.  

Amaldagi O‘zbekiston chempioni “Neftchi” o‘z maydonida Iroqning “Eyr Fors” jamoasini qabul qiladi. Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan uchrashuv soat 18:45 da start oladi.

“Neftchi” musobaqada o‘z maydonidagi bahsdan unumli foydalanib, muxlislari qarshisida muhim ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. 

“Bu musobaqada omadli raqibning o‘zi yo‘q. OCHLga o‘z mamlakatining eng yaxshi jamoalari chiqadi. “Eyr Fors” olti karra Iroq chempioni. To‘g‘ri, ular mavsumni yaxshi boshlay olmaydi. Lekin bizning vazifamiz raqibning muammosini muhokama qilish emas. Biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar. Oldimizga qo‘ygan vazifani bajarishimiz kerak. Vazifamiz esa tezlik va yuqori pressingli vertikal futbol namoyish etish. Osiyo darajasida raqobat qilish uchun aynan shunday o‘yin uslubi kerak bo‘ladi. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar ularga bir xil nazar bilan qaraymiz”, deydi “Neftchi” jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

O‘zbekistonning amaldagi Kubok sohibi “Paxtakor” esa bugun, 14 sentyabr kuni safarda maydonga tushadi. Toshkentliklar Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv soat Toshkent vaqti bilan 23:15 da boshlanishi belgilangan.

“Biz musobaqaning guruh bosqichini boshlayotganimizdan xursandmiz. Jiddaga uzoq parvoz bilan yetib keldik. Jamoamiz o‘yinga yaxshi tayyorlandi. “Al Ahli”ning kuchli klub ekanini bilamiz. Ularning safida yuqori saviyali futbolchilar ko‘p. Shunga qaramay, yaxshi o‘yin namoyish etishga intilamiz. Bir maqsad sari yakdil jamoaga aylanamiz. Ijobiy natijaga erishish uchun harakat qilamiz”, deydi “sherlar”ning OCHLdagi bosh murabbiyi Emilian Karas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning har ikki klubi “Neftchi” va “Paxtakor” ham Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi “Al Nasr” bilan bahs olib boradi. Farg‘ona jamoasi joriy yilning 12 oktyabr kuni safarda Saudiya klubi mehmoni bo‘lsa, Krishtianu Ronaldu va uning jamoasi joriy yilning 2 noyabr kuni Toshkentga keladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing