Bugun “Neftchi”, “Paxtakor” va “Nasaf” CHLdagi raqiblarini bilib oladi

Sport

image

Bugun, 18 avgust kuni, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) 2026-27 yilgi mavsumi uchun klub musobaqalari qur’asi tashlanadi.

Unda O‘zbekistonning uch klubi – “Neftchi”, “Paxtakor” va “Nasaf”ning xalqaro maydondagi raqiblari aniqlanadi.

“Neftchi” va “Paxtakor” OFK Chempionlar ligasi Elit musobaqasida ishtirok etadi. “Nasaf” esa OFK Chempionlar ligasi 2 bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

“Paxtakor” OCHL Elitning liga bosqichiga saralash orqali yo‘llanma oldi. Toshkentliklar saralashning hal qiluvchi uchrashuvida Iordaniyaning “Al-Husayn” klubini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bahsda Dostonbek Hamdamov dubl qayd etgan bo‘lsa, Bashar Resan ham o‘z nomini tabloga yozdirdi.

“Neftchi” esa musobaqaning asosiy bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.

OCHL Elitning yangi mavsumida G‘arb va Sharq mintaqalaridan 16 tadan – jami 32 ta klub ishtirok etadi. Liga bosqichida har bir jamoa sakkiztadan uchrashuv o‘tkazadi. Klublar to‘rtta bahsni o‘z maydonida, yana to‘rttasini safarda o‘tkazadi.

“Nasaf” esa Osiyoning ikkinchi darajali klublar musobaqasi – OFK Chempionlar ligasi 2da ishtirok etadi. Qarshi klubi ham bugungi qur’a natijasida o‘z raqiblarini bilib oladi.

Qur’a tashlash marosimlari Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tadi. “Nasaf” ishtirok etadigan OFK Chempionlar ligasi 2 qur’asi Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da, OCHL Elit qur’asi esa soat 13:00 da boshlanadi.

Shu tariqa, bugun “Neftchi”, “Paxtakor” va “Nasaf”ning 2026-2027 yilgi Osiyo musobaqalaridagi raqiblari aniq bo‘ladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing