Bugun Misrda G‘azo bo‘yicha tinchlik sammiti bo‘ladi
Olam
−
13 Oktabr 1834 2 daqiqa
Falastin Milliy Ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik kelishuvi imzolanadigan Misrning Sharm al-Shayx shahrida o‘tkaziladigan “tinchlik sammiti”da ishtirok etadi. Bu haqda kecha, 12 oktyabr kuni manbasiga tayanib, “Axios” nashri muxbiri Barak Ravid X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
“Falastinlik rasmiy menga shuni tasdiqladiki, Falastin Prezidenti Abbos ertaga Misrda bo‘ladigan Trampning tinchlik sammitiga borishni rejalashtirgan”, deb yozdi Ravid.
“Axios”dan tashqari, Misrning “Al-Shorouk” gazetasi ham manbalarga tayanib, Abbosning 13 oktyabrdagi sammitda ishtirokini xabar qildi.
“Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ertaga Sharm al-Shayxda bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitida ishtirok etadi”, deb yozdi nashr o‘zining X sahifasida.
11 oktyabr kuni Misr Tashqi ishlar vazirligi 13 oktyabr kuni Sharm al-Shayxda xalqaro “tinchlik sammiti” o‘tkazishini e’lon qildi. Uchrashuvda “G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha shartnoma” imzolanishi kutilmoqda. Ayni shu shaharda o‘tgan hafta Isroil va HAMAS o‘rtasida dastlabki kelishuv ham imzolangan edi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvga AQSH Prezidenti Donald Tramp va Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi hamraislik qiladi. Sammitda jami 20 ga yaqin jahon rahbarlari ishtirok etadi. Ular orasida Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers ham bor.
Shu bilan birga, HAMAS shartnomani imzolash jarayonida ishtirok etmaydi. Biroq, kutilganidek, sammit kuni tongda guruh bir necha garovdagilarni ozod qildi.